BAAning Dubay shahrida karate WKF bo`yicha kattalar o`rtasida navbatdagi jahon chempionati bahslari bo`lib o`tmoqda.
Musobaqada dunyoning besh qit`asidagi 104ta davlatdan jami 983 nafar sportchi g`oliblik uchun tatamiga chiqishdi. Ushbu jahon chempionatiga O`tkam Bekpo`latov boshchiligida 15 nafar karatechimiz jo`nab ketishgan edi.
Hozirgina erkaklar o`rtasida -75 kg vazn toifasida final jangi o`tkazildi. Unda karate WKF bo`yicha milliy terma jamoamiz a`zosi, sport yakkakurashlari bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi sportchisi Dostonbek Otabolaev AQSh vakili Tomas Skott ustidan ishonchli g`alabaga erishdi va O`zbekistonga tarixiy OLTIN MEDALni taqdim etdi.
Ayni daqiqalarda jahon chempionatining hal qiluvchi janglari davom etmoqda va hozirda vakillarimiz yana 4ta bronza medalini qo`lga kiritish imkoniyatiga egalar.
Eslatib o`tamiz, karate WKF bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari 23-noyabr kuni tunda yurtimizga qaytib kelishadi.