1

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Mehr” filmi premera qilindi

Madaniyat 14.01.2022, 16:47
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Mehr” filmi premera qilindi

Bugun O`zbekfilm kinokonsernida Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat Xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari bilan hamkorlikda yaratilgan «Mehr» badiiy filmining premerasi o`tkazildi. Premerada O`zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari,  Davlat xavfsizlik xizmati,  Milliy gvardiya, Mudofaa va Ichki ishlar tizimi rahbar va xodimlari, askarlar, “Temuriylar” maktabi o`quvchilari, OAV xodimlari, jurnalistlar va kinoijodkorlar ishtirok etishdi.

Premera avvalida estrada yulduzlari tomonidan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo`shiqlar taqdim etildi. Shundan so`ng, Kinematografiya agentligi rahbariyati hamda kinoijodkorlarning tabriklari yo`llandi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Bobur Bobomurod tomonidan o`qilgan she`riy tabrik barchada iliq taassurot qoldirdi. Shuningdek, tadbir davomida rejissyor Hilol Nasimov va  O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Karim Mirhodiev filmni suratga olish jarayonlari haqida so`zlab berishdi.  

Mazkur kinokartina chegarachilar hayoti, ularning chegara ortidagi mashaqqatli zahmati va kasbiga bo`lgan fidoyiligi haqida suratga olingan. Shuningdek, film voqealari zamirida bag`rikenglik, tinchlik, qo`shni davlatlar bilan do`stona munosabatlar kabi mavzular o`rin olgan.  

Film Turkiyaning Gaziantep, Suriyaning Aleppo shahrida va O`zbekistonning turli hududlarida suratga olingan.  

"Mehr" filmi bosh prodyuseri Firdavs Abduxalikov, ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyor Hilol Nasimov, postanovkachi operator Umid Malikov, postanovkachi rassom Isobek Egamberdiev, kartina direktori  Shohrux Nasimov,  kompozitor Shamsiddin Xolmurodov, ovoz rejissyori Abduqahhor Karimov, ikkinchi rejissyor Jamoliddin Qo`ziboev.

«Mehr» filmida Bobur Yo`ldoshev, Fotih Nasimov, Zumrad Eshonqulova, Angelina Tursoatova, Ra`no Shodieva, Vazira Yunusova, Bahrom Usmonov kabi o`zbek aktyorlar bilan birga taniqli turk aktyorlari Ekrem Ispir, Ahmet Serkan, O`zturk Sezay va boshqalar rollar ijro etgan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1