Prezidentning 27 iyundagi “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida”gi farmoniga muvofiq kinoaktrisa Aysanem Yusupova “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, aktrisa Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahrida tug`ilgan. 2020 yilda O`zbekiston davlat san`at va madaniyat institutining Drama va kino aktyorligi yo`nalishi bakalavrligini, 2022 yilda esa magistratura bosqichini tamomlagan.
“Maftun bo`ldim”, “Hayot”, “Meros” “Yo`lbarsning tug`ilishi”, “Meros”, “Epidemiya”, “Qari qiz” kabi filmlar hamda “Ojiza”, “Ayriliq”, “Zaynab bilan qoling, begim”, “Olovli yurak”, “Yolg`iz qo`ying” kabi milliy seriallarda rollar ijro etgan.
“O`zbek qizi” filmidagi bosh qahramon roli bilan Rossiya Federasiyasida bo`lib o`tgan IV Xalqaro “Lendok” hamda Tojikiston Respublikasida bo`lib o`tgan I Xalqaro “Toji Somon” kinofestivallarida “Eng yaxshi ayol roli uchun” nominasiyasida g`oliblikni qo`lga kiritgan.