Zominda ikkinchi Xalqaro maqom san`ati anjumani boshlandi. Uning ochilishida Prezident Shavkat Mirziyoev nuqt so`zlab, barchani ushbu voqea bilan samimiy muborakbod etdi.
“Avvalambor, siz, azizlarni betakror qadriyat va an`analar yurti bo`lgan O`zbekiston zaminida ikkinchi marotaba o`tkazilayotgan Xalqaro maqom san`ati anjumanining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bugungi tantanamizda YuNESKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSESKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Raev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Bosh kotibi o`rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Respublikasi Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog`iston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbaev, Tojikiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo`yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg`iz Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o`g`li Karimli va boshqa muhtaram mehmonlarimiz ishtirok etayotgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Xush kelibsiz O`zbekiston zaminiga!
Qadrli mehmonlar!
Mazkur anjuman 2018 yilda ko`hna Shahrisabzda o`tkazilgan birinchi xalqaro maqom san`ati festivalining davomi bo`lib, pandemiya tufayli vujudga kelgan olti yillik tanaffusdan so`ng barchamizni yangicha ruh va shukuh bilan yana o`ziga chorlamoqda.
Buyuk ipak yo`li durdonasi – jannatmakon mamlakatimizning gavhari, serviqor tog`lar, yam-yashil o`rmonlar, xalqparvar va olijanob insonlar yurti bo`lmish betakror Zomin bugun katta san`at bayramiga mezbonlik qilmoqda.
Qadimiy Zomin haqida ko`plab kitoblar, ilmiy tadqiqotlarda batafsil ma`lumotlar berilgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “Zomin” atamasi “Avesto”da tilga olingan “Zomyod”, ya`ni, farovonlik farishtasi degan nom bilan bog`liq va miloddan avvalgi VII-V asrlarga borib taqaladi.
Noyob arxeologik topilmalari, zabardast allomalari bilan jahonga mashhur ushbu hudud ko`p asrlar davomida sivilizasiya beshiklaridan biri, ilm-fan, san`at va ma`rifat markazi bo`lib kelgan. Jumladan, XII asrning oxiri va XIII asrning birinchi yarmida bu makonda yashab ijod etgan huquqshunos alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushoniy tarixda bolalar huquqlari bo`yicha birinchi keng qamrovli manba – “Bolalar huquqlari kodeksi” (“Jomi` ahkom as-sig`or”) nomli noyob asar yaratganini katta faxr va iftixor bilan tilga olamiz.
Boshqacha qilib aytganda, ushbu tarixiy asar bola huquqlari G`arb sivilizasiyasidan qariyb olti yuz yil muqaddam bugungi O`zbekiston zaminida to`liq o`rganilib, amalga oshirilganini ko`rsatadi.
Bu ko`hna diyor nafaqat beqiyos tabiat mo``jizalarini, shu bilan birga, buyuk ma`naviy xazina bo`lgan xalqimizning boy an`ana va qadriyatlari, madaniy merosi va folklor namunalarini ham saqlab kelayotgan tabarruk zamindir.
Shu o`rinda Jizzax viloyatidan O`zbekiston xalq hofizlari Eson Lutfullaev va Orifxon Hotamov, O`zbekiston san`at arbobi Bahrullo Lutfullaev kabi hayotbaxsh va o`lmas navolari bilan xalqimiz mehrini qozongan atoqli hofizlar, mohir bastakorlar etishib chiqqanini yodga olishni istar edim.
Muhtaram festival qatnashchilari!
Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo`lgan maqom san`ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an`analari bilan ma`naviy hayotimizda muhim o`rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg`ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san`at turi sifatida ham biz uchun g`oyat qadrlidir.
Shu bilan birga, u o`zida musiqa, she`riyat va raqs san`atini ajoyib tarzda uyg`un etgan yuksak tafakkur va insoniy kamolot qomusidir. Maqom san`ati uchun asosiy mavzu – eng avvalo, shaxs, uning erki va qadri, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik va umumbashariy taraqqiyot hisoblanadi.
Bu mumtoz badiiy obida asrlar mobaynida avlodlar o`rtasida ruhiy uzviylikni saqlab, inson ma`naviy olamini boyitib, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashdek ulug` maqsadlarga xizmat qilib kelmoqda.
Maqom o`zida xalqning teran ruhiyati, ezgu niyatlari, milliy mentaliteti, so`nmas qadriyatlarini mujassam etgan bo`lib, sivilizasiya taraqqiyotida muhim o`rin egallaydi.
Musulmon Sharqida Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida maqom san`ati jadal rivojlanib, o`zining yuksak cho`qqisiga ko`tarildi. Xususan, X asrning birinchi yarmida Sharqda “Muallimi soniy” nomi bilan mashhur bo`lgan Abu Nasr Forobiy o`zining “Katta musiqa kitobi”da musiqa san`atining nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Buyuk mutafakkir Muhammad Xorazmiy “Ilmlar kaliti” kitobining musiqaga bag`ishlangan qismida o`sha davrdagi musiqa cholg`ulari haqida aniq ma`lumotlar beradi. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz esa noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo`shganlar.
XX asrda bu an`analarni munosib davom ettirgan Abdurauf Fitrat, Viktor Uspenskiy, Yunus Rajabiy kabi salohiyatli va peshqadam san`atshunos olimlar, Hojixon Boltaev, Komiljon Otaniyozov, Turg`un Alimatov, Berta Davidova, Fattohxon Mamadaliev, Orif Alimaxsumov, Mahmudjon Tojiboev singari atoqli va fidoyi ustozlarning unutilmas xizmatlarini hamisha cheksiz hurmat va ehtirom bilan esga olamiz.
Majoziy ma`noda olti azim o`zanga qiyoslanadigan, xalqimiz badiiy tafakkurining beqiyos mahsuli bo`lgan “Shashmaqom” asrlar davomida jahon madaniyat ummonini to`ldirib, uni har tomonlama boyitib kelmoqda.
Shu o`rinda mumtoz musiqa san`atining gultoji bo`lgan betakror maqomlarimiz YuNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritilgani va bu uni butun dunyoda keng targ`ib qilish va ommalashtirishga munosib hissa qo`shayotganini ulkan xursandchilik bilan ta`kidlamoqchiman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
O`zbekistonda maqom san`atini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol etkazishda mashhur davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning o`rni alohida ajralib turadi. G`oyat og`ir davrlarda Sharof Rashidovichning sa`y-harakatlari bilan Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san`atini ilmiy o`rganishga, uni xalqaro miqyosda targ`ib etishga asos solingan edi. O`sha yillarda respublikamizda maqom ansambli tashkil etilgan. O`lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.
O`ylaymanki, bugungi fayzli anjumanimiz tufayli rahmatli Sharof Rashidovichning ham ruhlari shod bo`lmoqda.
Xabaringiz bor, Yangi O`zbekistonda barcha sohalar qatori madaniyat va san`at yo`nalishini rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo`nalishlaridan biriga aylandi.
Bu jarayonda “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik san`ati, “Lazgi”, Xalq hunarmandchiligi festivali singari nufuzli anjumanlar, Toshkent xalqaro kinofestivali, madaniyat kunlari, tasviriy va amaliy san`at ko`rgazmalari hamda boshqa muhim tadbirlarni o`tkazish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hech shubhasiz, ular orasida mumtoz musiqa san`atining noyob durdonasi bo`lgan maqomlarga bag`ishlangan mazkur xalqaro festival beqiyos o`rin tutadi. Mamlakatimizda ushbu san`at ravnaqini yangi bosqichga olib chiqish, iste`dodli yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar ko`rilmoqda.
Bugungi kunda maqom san`ati butun mamlakatimiz bo`ylab, boshlang`ich ta`limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo`lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o`rganilmoqda. Biz Toshkent shahrida Maqom markazi yangi binosini qurish bo`yicha amaliy ishlarni boshladik. Maqom rivoji yo`lida sermahsul ijod qilib kelayotgan bastakor, kompozitor, musiqashunos, xonanda va sozandalarni faol qo`llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda nufuzli milliy tanlovlar o`tkazib kelinmoqda.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, hayotini ana shunday sharafli va mas`uliyatli ishga bag`ishlagan, go`zal qalb olamida bu umumbashariy meros namunalarini avaylab-ardoqlab kelayotgan, o`zining benazir va jozibador ohanglari bilan xalqlarimizni maftun va mamnun etayotgan sizlar kabi barcha aziz san`atkorlarimizga shaxsan o`z nomimdan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.
Qadrli do`stlar!
Biz bu borada boshlagan va baland marralarni ko`zlagan reja va tadbirlarimizni albatta izchil davom ettiramiz. Zero, milliy maqom ijrochiligi mumtoz san`atimiz va yuksak madaniyatimizning o`q ildizi bo`lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo`lib qoladi.
Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko`ngil quvvati – xush navozdin, ruh quti – xush ovozdin”.
Qarang, qanday chuqur ma`noli so`zlar.
Darhaqiqat, barcha olis va yaqindan kelgan san`atkorlar ishtirokida do`st va birodar xalqlarimizning dillarini bir-biriga chambarchas bog`laydigan bugungi anjumanimiz ham musiqa orqali er yuzidagi barcha insonlarga ma`naviy oziq berishga xizmat qiladi. Festivalimiz ko`lami tobora kengayib, bugun bu muhtasham majmuada Osiyo, Evropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit`alarining 80 dan ortiq mamlakatlaridan qariyb 400 nafar mehmonlar jam bo`lib turgani ham fikrimizning yaqqol tasdig`idir.
Ezgulik va gumanizm bayrog`i ostida birlashgan, san`atni butun borlig`i bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir.
Fursatdan foydalanib, tadbirni tashkil etishda bevosita ishtirok etayotgan barcha fidoyi insonlarga, bizning quvonchimizga sherik bo`layotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillariga, hurmatli mehmonlarimizga chin dildan tashakkur aytaman.
Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai bo`lsin!
Maqom san`atining shoni va shuhrati boqiy bo`lsin!
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, olijanob faoliyatingizda yangi omadlar yor bo`lsin!“ - dedi davlat rahbari.