AsosiySport

O`zbekistonda U-22 Osiyo chempionati boshlanish arafasida

'O`zbekistonda U-22 Osiyo chempionati boshlanish arafasida'ning rasmi

Qancha bokschi tashrif buyurishi ma`lum qilindi.

Joriy yilning 20-30 yanvar kunlari poytaxt Toshkentda boks bo`yicha 22 yoshgacha bo`lgan sportchilar o`rtasida Osiyo chempionati o`tkaziladi. Turizm va sport vazirligining ma`lum qilishicha, tarixda ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu musobaqada qit`aning 15ga yaqin mamlakatidan 150 nafardan ziyod yosh va umidli bokschilar g`oliblik uchun bahs olib borishi kutilmoqda.

"Hozirda musobaqa o`tadigan "Universal" sport majmuasida tayyorgarlik ishlari qizg`in davom etayapti. U-22 Osiyo chempionati rasman 22 yanvar kuni soat 17:00da ochiladi. Ochilish marosimi tantanalaridan so`ng soat 18:00dan dastlabki janglar boshlanadi. Shu kuni soat 11:00da poytaxtimizdagi "Hilton" mehmonxonasida musobaqa oldidan matbuot anjumani ham tashkil etiladi. Unda tashkilotchilar, xususan Osiyo boks federasiyasi mas`ullari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan",-deya xabar bermoqda vazirlik.

Ta`kidlanishicha, ushbu nufuzli musobaqaga O`zbekiston erkaklar terma jamoasini tajribali mutaxassis To`lqin Qilichev boshchiligidagi murabbiylar shtabi tayyorlagan bo`lsa, qizlar Lochin Qo`chqorov va Elshod Rasulovlar qo`l ostida tayyorgarlik ko`rishgan.

Biroq, pandemik vaziyat tufayli terma jamoaning yakuniy tarkibi haligacha aniq bo`lgani yo`qligi aytiladi.

Qayd etilishicha, avvaliga Osiyo chempionatida qit`aning 20ga yaqin davlatidan 200 nafarga yaqin charm qo`lqop ustalari qatnashishi kutilgan. Ammo, so`nggi vaqtlarda butun dunyoda pandemik vaziyat yana jiddiy tus olganligi va kasallanish holatlari tobora ortib borayotganligi bois, bir qator mamlakatlar ushbu musobaqada qatnasholmasligini ma`lum qilgan. Ular qatorida Osiyo boksida etakchilardan sanaladigan Qozog`iston, Tailand, Xitoy, Hindiston, Filippin singari davlatlar o`rin olgan.

"Biroq, bu holat musobaqa nufuziga aslo ta`sir qilmaydi, zero Toshkentda o`tadigan qit`a chempionatida Yaponiya, Mo`g`uliston, Saudiya Arabistoni, Qatar, Malayziya, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston singari 10dan ortiq davlatlardan yosh va iste`dodli bokschilar g`oliblik uchun ringga tushadi",-deyiladi xabarda.

Musobaqada erkaklar 13ta vazn toifasida, qizlar esa 12ta vaznda jang qilishadi. Mazkur chempionat qat`iy karantin qoidalari asosida o`tkaziladi va unga bemalol tomoshabinlar ham kirishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar