AsosiyIqtisodiyot

O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi rivojlantiriladi

'O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi rivojlantiriladi'ning rasmi

“2022–2024 yillarda O`zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–98-son, 22.01.2022 y.) qabul qilindi.

Qaror bilan 2022–2024 yillarda O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.  

Dastur doirasida belgilangan yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 76 881,0 mlrd so`m ajratiladi.  

Shunga ko`ra, mazkur yillarda jumladan quyidagi ijtimoiy va ishlab chiqarish ob`ektlarini ishga tushirish nazarda tutilgan:

●  54 230 o`quv o`rni va 8 358 yotoq o`rniga ega oliy ta`lim muassasalari;

●  259 101 o`quv o`rniga ega, 248 ta sportzaldan iborat umumta`lim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar;

●  88 310 o`ringa ega maktabgacha ta`lim tashkilotlari;

●  24 213 o`ringa ega sog`liqni saqlash muassasalari.

Qaror bilan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo`yicha Respublika komissiyasi tuzildi.  

 Respublika komissiyasi Dasturda ishtirok etayotgan vazirlik, idora, xo`jalik birlashmalari va mahalliy hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.  

️Dasturlar doirasida rejalashtirilgan mablag`larni ichki manbalar hisobidan jalb qilingan qarz mablag`lari, xorijiy kreditlar va ular bo`yicha hisoblangan foiz to`lovlarini qoplashga, shuningdek, ob`ektlar qurish uchun kreditlar ajratishga yo`naltirish taqiqlanadi.  

 Qarorga ko`ra, 2022 yildan:

  • ikki yil muddatga vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklarning ma`muriy binolarini qurish va rekonstruksiya qilish bo`yicha yangidan boshlanadigan loyihalarni (Prezident qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan, shuningdek, yangidan tashkil etiladigan shahar va tumanlarda joylashadigan loyihalar bundan mustasno) O`zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritish taqiqlanadi;
  • kelgusi yillar uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirish jarayonlarida keyingi yillarga o`tadigan loyihalar (ob`ektlar) soni bosqichma-bosqich qisqartiriladi va ularni tegishli moliyaviy yilda foydalanishga topshirish nazarda tutiladi.  

2022 yilda yakunlanadigan ta`lim muassasalari ob`ektlari – 15 avgustgacha, sog`liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar ob`ektlari – 1 oktyabrgacha, irrigasiya va meliorasiya tizimlari ob`ektlari – 1 dekabrgacha foydalanishga topshiriladi. 

    Boshqa yangiliklar