Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardagi naqd pul etishmayotgani bilan bog`liq xabarlar tarqalmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan Markaziy bank izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmidan boshlangan milliy valyuta – “so`m”da naqd pulga bo`lgan talabning keskin ortishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga mart oyida 1 trln. 119 mlrd. so`m, aprel oyida – 6 trln. 343 mlrd. so`m, may oyining o`tgan 11 kunida 1 trln. 100 mlrd. so`m qo`shimcha naqd pullar chiqarildi.
Jumladan, mart-aprel oylarida qo`shimcha chiqarilgan naqd pullarning 8 trln. so`mi aholining naqd chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo`lgan keskin oshgan talabini (ushbu 2 oylik talab odatdagi 11,1 trln. so`mdan 19,3 trln. so`mga etgan), 4-4,5 trln. so`mi bank kartalaridagi mablag`larni naqdlashtirishga bo`lgan qo`shimcha talabni (17 trln. so`mdan 22 trln. so`mga etgan) qondirishga yo`naltirildi.
Mavsumiy iqtisodiy faollikning ortishi sababli 2021 yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo`shimcha ravishda 2,5 trln. so`m naqd pul chiqarilgan bo`lsa, joriy yilning mart-aprel oylarining o`zida (may oyini hisobga olmaganda) bu ko`rsatkich 3 barobarga oshdi.
Markaziy bank tomonidan joylardagi banklar filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan ta`minlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda va aholining naqd pulga bo`lgan talabini to`liq qondirish uchun barcha imkoniyat va zahiralari mavjud.
"Yuzaga kelayotgan qisqa muddatli uzilishlar naqd pullarni joylarga etkazib berish, ya`ni logistikasi va bankomatlarga joylashtirish bilan bog`liq ekanligini hamda mazkur masala Markaziy bank tomonidan nazoratga olinganligini ma`lum qilamiz.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan aholining tovarlarni xarid qilishlarida va xizmat ko`rsatishda bank kartalari orqali hisob-kitoblarda to`lov terminallaridan to`laqonli va uzluksiz foydalanishlari ushbu muammolarga barham berilishiga ko`mak beradi", - deyiladi rasmiy xabarda.