Al Arabiya nashri davlat televideniyesiga tayanib xabar berishicha, Eron hukumati halok bo‘lgan oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy xotirasiga bag‘ishlangan “ulug‘vor” dafn marosimini o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshladi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, marosimni tashkil etish uchun maxsus shtab tuzilgan bo‘lib, hozirda turli davlat idoralari tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanmoqda. Dafn marosimining aniq sanasi hozircha e’lon qilinmagan.
Qayd etilishicha, Ali Xomanaiy Eron Islom Respublikasiga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan. U 28 fevral kuni AQSh va Isroil tomonidan amalga oshirilgan zarbalarning dastlabki to‘lqinida halok bo‘lgani aytilmoqda.
Hujumlar vaqtida uning o‘g‘li va ehtimoliy vorisi Mujtabo Xomanaiy ham yaralangani xabar qilingan. U hodisadan so‘ng omma oldida ko‘rinish bermagan.
Avvalroq urush tufayli davlat darajasidagi dafn marosimi kechiktirilgani, shu bilan birga xotira tadbirlari o‘tkazilgani ma’lum qilingan.
Hozirda rasmiy e’lon kutilmoqda, marosim esa keng ko‘lamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.






