1

Islohotlar natijadorligiga baho berilishi mas`uliyat va javobgarlik hissini oshiradi

Jamiyat 25.05.2022, 09:55
Islohotlar natijadorligiga baho berilishi mas`uliyat va javobgarlik hissini oshiradi

Mamlakatimizning kelajagi bilan bevosita bog`liq bo`lgan eng muhim hujjat “2022–2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni baholab borish, bu borada samarali mexanizmlarni yaratish tezlik bilan hal etilishi lozim bo`lgan dolzarb vazifa hisoblanadi.

Zero, Taraqqiyot strategiyasida Prezidentimiz tomonidan xalqimizning farovon hayotini ta`minlash yo`lida ilgari surilgan aniq g`oyalar, tashabbuslar va takliflarni o`z vaqtida, sifatli, samarali hamda natijadorlik bilan amalga oshirish davlat organlariga, barcha davlat xizmatchilariga ulkan mas`uliyat va javobgarlik hissini yuklaydi.

Shunga ko`ra, Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish natijasida belgilangan maqsadlarga erishilganligi va yo`l qo`yilgan kamchiliklar hamda ko`rilgan chora-tadbirlar samaradorligini aniqlash uchun amalga oshirilayotgan islohotlar ustida doimiy monitoring olib borish va kompleks baholash mexanizmlarini yaratish zarur.

Ta`kidlash joiz, hozirgi vaqtda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning alohida yo`nalishlarining samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan samarali mexanizmlar amaliyotga joriy qilingan.

Misol uchun, hududlarda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini baholashga qaratilgan Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy qilindi. Ushbu reyting 8 ta yo`nalish asosida aniqlanadi, ular orasida aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, ishlab chiqarish infratuzilmasining barqarorligi hamda ishonchliligi ta`minlanganligi, yangi ish o`rinlari yaratilganligi, ishsizlikni kamaytirish va mehnat bozori samaradorligini ta`minlanganlik holatini keltirish mumkin. 

Shu o`rinda, aytib o`tish joizki, Adliya vazirligi tomonidan ham alohida strategik ahamiyatga ega yo`nalishlardagi islohotlarni baholash jarayonining huquqiy mexanizmlari ishlab chiqildi va amaliyotga joriy qilindi.

Jumladan, Adliya vazirligi tashabbusi bilan:

a) hududlarda huquq ustuvorligining ta`minlanganlik holatini reyting asosida baholovchi “Hududlarning huquq ustuvorligi indeksi” joriy qilindi. 

Ushbu indeks “Huquq ustuvorligi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali 7 ta quyidagi yo`nalishlar asosida aniqlanadi:

qonun hujjatlariga rioya qilinishi;

fuqarolar huquq va erkinliklarining ta`minlanishi;

odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi;

huquq-tartibot o`rnatilganligi va xavfsizlik ta`minlanganligi;

mahalliy ijro organlari faoliyatining samarali nazorat qilinishi;

korrupsiyaga qarshi kurashishning samaradorligi;

hokimiyat institutlarining shaffofligi;

b) hududlarda tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimi joriy etildi. Bunda, “Business Indicator” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali hududlarda ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta`sir etuvchi omillar aniqlanadi, shuningdek, biznes vakillariga yaratilayotgan sharoit va qulayliklarning amaliy natijasi baholanadi;

v) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining “Ochiqlik indeksi”ni aniqlash bo`yicha takliflar Hukumatga kiritilgan. Bunda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo`yicha metodika ishlab chiqish nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ularni kompleks nuqtai nazardan baholashning yagona mexanizmini ishlab chiqishni taqozo etmoqda. Jumladan, bugungi kunda islohotlarning amalga oshirilishini monitoring qilish, ularning natijalarini to`plash, tahlil qilish, umumlashtirish va kompleks baholash bo`yicha yagona tartib joriy qilinmaganligini, ayrim sohalar bo`yicha mavjud elektron tizimlar esa tarqoq holda bo`lib, yagona platformaga jamlash zarurligini ko`rishimiz mumkin.

Shu turdagi elektron tizimlar sohaviy tarzda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan ham yuritilishini inobatga oladigan bo`lsak, ularni yagona platformaga birlashtirish Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni baholashda yaxlit tizimni shakllantirishga hamda islohotlar natijalarining miqdoriy va sifat jihatidan qiyosiy tahlilini olib borishga imkoniyat yaratadi.

Bu esa, o`z navbatida, Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni baholash, ularning natijalari yuzasidan statistik va boshqa turdagi ma`lumotlarni bir nuqtada to`plash, monitoring hamda tahlil qilish va umumlashtirish uchun yagona elektron platformani shakllantirilishiga olib keladi.

Shu munosabat bilan, Adliya vazirligi tomonidan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bilan islohotlarning amalga oshirilishini baholash va monitoring qilish tizimini yaratish maqsadida ilg`or xorijiy tajriba o`rganilib, dastlabki takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko`ra, “Taraqqiyot strategiyasida belgilab o`tilgan 7 ta ustuvor yo`nalishlar doirasida olib borilayotgan islohotlarning amalga oshirilishini monitoring qilish, ularning natijalarini to`plash, tahlil qilish va kompleks baholash hamda yillar va sohalar kesimida umumlashtirish kabi imkoniyatlarga ega axborot tizimini joriy etish nazarda tutilayapti.

Jumladan, mazkur dasturiy ta`minot yuqorida ta`kidlanganidek, hozirgi vaqtda Adliya vazirligi tomonidan yuritilayotgan “Huquq ustuvorligi” va “Business Indicator” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari bilan birga boshqa mas`ul vazirlik va idoralar tomonidan yuritilib kelinayotgan quyidagi tizimlarning indikator ko`rsatkichlarini o`zida jamlashni nazarda tutadi:

– “Rating” axborot tizimi, ushbu tizim orqali statistik ko`rsatkichlar va so`rovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi baholanadi;

– “Ochiq byudjet” axborot portali orqali byudjet ma`lumotlarining ochiqligi va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtiroki ta`minlanganligi baholanadi;

– Ochiqlik.uz axborot portali orqali davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligi ta`minlanishi, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirilishi baholandi;

– “Xavfsiz yo`l” axborot tizimi, bunda avtomobil yo`llarida inson xavfsizligini ishonchli ta`minlash va o`lim holatlarini keskin kamaytirish kabi indikatorlar asosida tumanlar (shaharlar)da yo`l harakatini samarali tashkil etish holati baholanadi;

– “E-Anticor.uz” axborot tizimi orqali esa korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi baholanadi;

– “Baho.gov.uz” axborot tizimi orqali davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini ko`rsatish sohasidagi faoliyati samaradorligini baholanadi;

– “O`zbekiston xalqaro reytinglarda” yagona portali orqali esa mamlakatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ayrim halqaro reytinglari jamlanadi.

Aytib o`tish joizki, mazkur jarayonga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot markazlarini, mustaqil ekspertlarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, islohotlar jarayoni va yakuniy natijadorligi bilan doimiy ravishda jamoatchilikni xabardor qilib borish, bu jarayonda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali islohotlar ijrosiga muayyan hududda yoki sohada natijadorligi yuzasidan baho berish bilan birga, zarur bo`lgan hollarda ularni to`g`rilash, tuzatish imkonini ham beradi.

Xulosa o`rnida aytadigan bo`lsak, mamlakatimiz rivojining fundamental asosi bo`lgan Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasida qo`yilgan maqsadlar va vazifalarga erishish so`zsiz ta`minlanishi pirovard maqsad, “Inson qadri uchun” ustuvor tamoyili asosida jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni tubdan yaxshilash, aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta`minlash, xalqimizni rozi qilishga xizmat qiladi.

Xudoyor Meliev

Adliya vaziri o`rinbosari

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1