San`atda muxlislar mehrini qozonish uchun yillar davomida tinimsiz mehnat, sabr-qanoat kerak. Juda kam san`atkorgina qisqa davrda san`at olamida tez fursatda o`rnini topa oladi. Qo`shiqlarini hech kimga sotolmagan, “Tik-tok” orqali mashhur bo`lgan xonanda Jaloliddin Ahmadaliev ana shunday kam sonli va albatta juda omadli san`atkorlardan biri.
Jaloliddin Ahmadaliev shu yilning 7-8 iyun kunlari “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida o`zining ilk — “Menda qolmadi dil” nomli yakkaxon konsert dasturini taqdim etdi. Xo`sh, san`atkorning muxlislari va yaqinlari konsertni qanday kutib oldi? "darakchi.uz" jonli ijrodagi konsert dasturida ishtirok etib, jarayonning eng go`zal lahzalarini hamda xonandaning yaqinlari va muxlislarining fikrlarini bir lavhada jamladi.


G`iyosiddin NARZULLAEV, klipmeyker, rejessiyor:
— Jaloliddin aka bilan anchadan beri birga ijod qilamiz. Masalan, "Yor bizdan ketdi", "Menda qolmadi dil" qo`shiqlarini birga yaratganmiz. Jaloliddin akani o`ziga yarasha talabi, “prinsip”lari bor. Bunchalik qisqa fursatda konsert berishlarini biz o`zimiz ham kutmagandik. Allohni nazari tushgan inson ekanlar.
Umid UMAROV, "Bravo" jamoasi a`zosi:
— Jaloliddin Ahmadaliev san`atga yaqinda kirib keldi. Lekin o`zining fayzli qo`shiqlari bilan porlab kirdi. Yana bir muhim jihati hozirgi o`zbek san`atkorlari orasida kamayib ketayotgan jonli ijroda aytyapti. Zal zo`r kutib oldi.

Soyibjon NIYoZOV, Toshkent viloyati maqom ansambli badiiy rahbari, O`zbekiston xalq hofizi:
– Konsert haqiqatda jonli ijroda o`tadimi, yo`qmi? Shuni aniqlash vazifasi menga topshirilgandi. Konsertdan xulosam shu bo`ldiki, 2-3 soat hammani kayfiyatini bir xil ushlab turish oson emas. Jaloliddin shuni uddalay oldi. Alloh yuqtirmasa, bozorga dallol bo`lolmaysan, degan gap bejiz aytilmagan. Jaloliddinda Alloh bergan go`zal bir dard va shiddat bor ekan. Xalqimiz bizni maqomchi deb biladi. Maqom bu boshqa dunyo. Lekin Jaloliddin ham o`ziga xos yo`nalishda kuyladi. Eng muhimi, hammasi jonli o`tdi.
Farg`onaning Dang`ara tumani, kichkinagina “Qirqlar” qishlog`ida tug`ilgan Jaloliddin Ahmadaliev kosibchilik qilib yurgan vaqtlarida ham qo`shiqlar kuylagan. O`zining aytishicha, qo`shiqlar yozib, sotolmay yurgan vaqtlari ham bo`lgan. Biroq endi uni butun O`zbekiston taniydi. Nafaqat O`zbekiston, balki Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkiya kabi davlatlarda ham o`z muxlislariga ega. Buni konsert dasturiga yig`ilgan muxlislarning ko`pligi va ularning yuz-ko`zlaridan bilish mumkin.


Batafsil videoreportajimizda...






