AsosiyJamiyat

Toshkentda shifokor kichik yoshli bolani jismoniy azob berib, muoalaja qilayotgani yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi

'Toshkentda shifokor kichik yoshli bolani jismoniy azob berib, muoalaja qilayotgani yuzasidan rasmiy ma`lumot berildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda kichik yoshli bolani jismoniy og`ritib, tibbiyot talablariga mutlaqo mos bo`lmagan uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi.  Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada tasvirga olingani aytilgan bu xatti-harakatlar jamoatchilikning e`tirozlariga sabab bo`ldi.

Sog`liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan olib borgan dastlabki tezkor o`rganishlar natijasini ma`lum qildi. 

Unga ko`ra, videolavhadagi uqalash seansi Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada emas, balki ushbu muassasa binosining xususiy korxonaga tegishli bo`lgan qismidagi xonalardan birida amalga oshirilgan.  

Massaj muolajasini bajargan shaxs B.Z. bilan suhbatda u mazkur faoliyat bilan shug`ullanish uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatga, qolaversa, fizioterapiya yo`nalishida diplom va malaka toifasiga ega emasligini ma`lum qildi.

Shu bois Sog`liqni saqlash vazirligi yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.

 O`z navbatida, B.Z.ning xatti-harakatlariga tibbiy baho berish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining xulosalari olindi.

Ahrorbek Jo`raev, Bolalar ortopediyasi bo`limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor:

“Bolalar ortopediyasi amaliyotida uqalash muolajalari keng qo`llaniladi va buning qat`iy qoida hamda talablari mavjud. Mazkur jarayonda kasallik turi, bolaning yoshi va holati hisobga olinib, har bir bemorga individual yondashilishi zarur.  

Ammo eng muhim talablardan biri uqalash muolajasi chog`ida kichik yoshli bemorda qo`rquv bo`lmasligi shart! Ammo videolavhada bola stress holatida ekanini ko`rdik. Hatto yonida yaqini o`tirganiga qaramay, tinimsiz yig`lab, bezovta bo`lmoqda. Bu uning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ruhiyatiga ham juda yomon ta`sir ko`rsatadi. Qisqa qilib aytganda, tibbiyotda bunday uqalash muolajasiga mutlaqo yo`l qo`yib bo`lmaydi.”

Iskander Xodjanov, Bolalar travmatologiyasi bo`limi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor:  

“Massaj muolajalari ohista boshlanib, yuqori darajaga ko`tarilgach, yana ohistalik bilan tugashi kerak. Lekin biz videoda buning butunlay aksini ko`rdik. Bunday holatlarda uqalash muolajasidan so`ng paylar jarohatlanishi va hatto suyaklar sinishi kuzatilishi mumkin.  

Massaj jarayonida og`riq sindromi paydo bo`lsa, bu kuchli qo`rquvni keltirib chiqaradi. Ushbu holat esa keyinchalik zararlangan bo`g`imlarning umrbod ishlamay qolishi, ya`ni kontraktura paydo bo`lishiga olib keladi. Shundan kelib chiqib, videolavhadagi muolaja usulini bugungi kun tibbiyotiga butunlay yot, deb hisoblayman.  

Muratjan Saliev, ilmiy ishlar buyicha direktor o`rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi:  

“Uqalash muolajasi bilim, mahorat va tajriba talab etadi. Shu sababli ota-onalar bunday davolash seanslari uchun aynan shu sohaga ixtisoslashgan professional tibbiyot xodimlariga murojaat qilishlari lozim.  

Videolavhadagi xatti-harakatlarga kelsak, bu tibbiy uqalash muolajasi standartlariga mutlaqo to`g`ri kelmaydi. Gap inson, ayniqsa, jondan aziz farzandlarimiz salomatligi haqida ketar ekan, bu kabi holatlarga aslo ko`z yumib bo`lmaydi, degan fikrdaman”.

Ayni paytda holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda va ularning natijalari bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.  

Boshqa yangiliklar