Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari so`nggi oylarda naqd pulga talabning oshishiga sabab bo`layotgan omillarni tahlil qildi. Bu xaqda UzA xabar qilmoqda.
➖2022 yilning 1 iyun holatiga ko`ra, muomaladagi naqd pullarning hajmi 36,9 trillion so`mga etib, 2017 yilning 1 iyun holatidagiga (13,2 trln. so`m) nisbatan 2,8 barobar oshgan.
Shunday bo`lsa-da, naqd pullarning keng ma`nodagi pul massasidagi ulushi kamayib bormoqda. Ushbu ko`rsatkich 2017 yilning 1 iyunida 31,2% ni tashkil etgan bo`lsa, 2022 yilning 1 iyuniga kelib 23% gacha kamaydi.
➖2017 yildan boshlab naqd pulga bo`lgan talab mavsumiy xarakterga ega bo`lib kelmoqda. Aprel-may oylaridan boshlab iqtisodiy faollikning ortishi (masalan, to`y va shunga o`xshash marosimlar sonining ko`payishi, qurilish ishlarining tezlashishi, yozgi pishiqchilik, dam olish va ular bilan bog`liq xarajatlarning ortishi) naqd pulga bo`lgan talabni oshiradi va ushbu tendensiya noyabr oylariga qadar davom etadi.
Noyabrdan mart oyigacha bo`lgan davrda muomaladagi naqd pul hajmi sezilarli darajada kamayadi. Aprel-noyabr oylari oralig`ida chet eldan pul o`tkazmalarining ko`payishi bilan aholi tomonidan valyuta sotuvi hajmi ham oshib boradi. So`mning AQSh dollariga nisbatan qadri mustahkamlanishi yoki barqarorligini saqlab turishi sharoitida ushbu tendensiya yanada jadallashadi.
➖Joriy yilning 5 oyida pul o`tkazmalari hajmi 4,19 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu 2021 yilning mos davridagiga (2,61 mlrd AQSh dollari) nisbatan 61% ga (1,58 mlrd AQSh dollariga) ko`pdir.
Mazkur davrda banklar tomonidan jismoniy shaxslardan 4,32 milliard AQSh dollari miqdorida valyuta sotib olindi. Bu esa o`tgan yilning mos davridagiga (2,72 mlrd AQSh dollari) nisbatan 59% ko`p degani.
➖Katta hajmdagi oldi-sotdi operasiyalarini (uy-joy, mashina oldi-sotdisi) xorijiy valyutada (AQSh dollari, evro) amalga oshirilganda, o`z-o`zidan milliy valyutaga talab kamayadi.
➖Ichki valyuta bozorida so`mning AQSh dollariga nisbatan qadri oshishi ortidan aholining ko`pchiligi valyutadagi jamg`armalarini milliy valyutaga o`tkazishni afzal ko`ra boshlaydi.
➖Valyuta kursi barqarorligi saqlanib turgan bir sharoitda 2022 yilning 15 iyulidan 200 000 so`mlik banknotalarning muomalaga chiqarilishi katta hajmdagi naqd hisob-kitoblarni osonlashtirib, dollarlashuv darajasining yanada kamayishiga xizmat qilishi mumkin.
➖So`nggi 4 yilda to`lov tizimining rivojlantirilishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblar hajmi sezilarli darajada oshdi. Muomaladagi bank kartalari soni 1,7 barobarga (01.06.2018 yil holatiga ko`ra 17,7 mln donadan 01.06.2022 yil holatiga ko`ra 29,4 mln donaga), o`rnatilgan to`lov terminallari soni 1,8 barobar (241 mingtadan 433,2 mingtaga), o`rnatilgan bankomat va infokiosklar soni 2,7 barobar (6,1 mingdan 16,7 ming)ga ko`paydi.
➖2022 yilning yanvar-may oylari oralig`ida to`lov terminallari orqali tushgan tushumlar hajmi 58,2 trillion so`mga etdi va 2021 yilning mos davridagiga (39,9 trln so`m) nisbatan 1,5 barobar 2018 yilning yanvar-may oylaridagiga (23 trln. so`m) nisbatan 2,5 barobar oshdi.