1

Maktab direktorlaridan takliflarni qabul qiluvchi maxsus bot ishga tushirildi

Jamiyat 26.09.2022, 21:23
Maktab direktorlaridan takliflarni qabul qiluvchi maxsus bot ishga tushirildi

Respublikadagi maktablarda mavjud muammolarni o`rganish va ularni hal etib borish maqsadida maxsus Telegram bot tashkil qilindi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi xabar berdi.

"Hozirda 10 mingdan ortiq maktabda 700 mingdan ortiq soha xodimlari faoliyat yuritadi. Qariyb 6,4 mln o`quvchi ta`lim oladi, tizimda hal etilishi lozim bo`lgan masalalarning ko`lami ham shunga mos ravishda juda ko`p. Albatta, Xalq ta`limi vazirligi har bir maktabga bir vaqtning o`zida borib, muammolarni hal etishi imkonsiz”, deyiladi xabarda.

Shu bois, respublikadagi maktablarda mavjud tizimli yoki o`ziga xos bo`lgan muammolarni o`rganish va ularni hal etib borish orqali maktablarda ta`lim-tarbiya jarayonlarini yaxshilash maqsadida maxsus bot @direktor_murojaati_bot tashkil qilindi.

Ushbu telegram bot orqali maktab direktorlari maktabdagi ta`lim, tarbiya, kadrlar masalasi, o`quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi masalalar yuzasidan murojaat etishi, sohani rivojlantirish bo`yicha takliflar yo`llashi mumkin.

Vazirlik mutasaddilari mavjud muammo va takliflarni ko`rib chiqib, echimini topish uchun tegishli choralarni ko`radi.

Xalq ta`limi vazirligi barcha maktab direktorlarini hamkorlikda ta`lim tizimini rivojlantirishda faol bo`lishga chaqirmoqda, deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1