Er yuzida 500 milliondan ortiq odam semizlikdan, ortiqcha vazndan qiynaladi, deb xabar berdi “Adme.ru” nashri. Bunga juda ko`p omillar sabab bo`ladi, noto`g`ri ovqatlanish ham bundan mustasno emas.
Olimlar tadqiqotlar natijasida, semirishga olib keluvchi 7 odatni aniqlashdi. Buni bilib qo`yish foydadan xoli bo`lmaydi.
1. Oilaviy tushliklarni o`tkazib yuborish
Tadqiqotlar oila davrasida, ko`pchilik bo`lib tushlik qilish semizlikning oldini olishini ko`rsatdi. Oila a`zolarining bir dasturxon ustida jamuljam bo`lishi oilaviy muhitga ijobiy ta`sir qilib, semirishga, ortiqcha vazn to`plashga qarshilik qilar ekan. Haftasiga kamida 3 marotaba oila davrasida ovqat egan bola 24 % tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlarni eydi, bu esa sog`lom ovqatlanishni yuzaga keltiradi.
2. Restorandagi klassik musiqa
Har kuni klassik musiqa yangraydigan restoranda ko`p miqdorda ovqat eyilib, qahva ichiladi.
3. Kechki smenada ishlash
Inson organizmi qorong`i tushgandan keyin uxlashga, ovqatlanmaslikka moslashgan. Kechki smenada ishlash organizmning fiziologik siklini buzib, odamni semizlikka moyil qilib qo`yadi. Agar kechasi ishlaydigan bo`lsangiz, dam olish kuni kamroq yoki kaloriyasi past bo`lgan ovqatlarni iste`mol qiling.
4. Kam uxlash
Uyquga to`ymaslik ham semirishga sabab bo`lishi ilmiy tomondan asoslangan. Chunki uyqu quvvat almashinishda asosiy vazifani bajaradi. Agar uxlamaydigan bo`lsak, qornimiz och qolib, ko`p ovqat eymiz, shu orqali organizmimiz tetiklashadi.
5. Ifloslangan atrof-muhit
Atrof-muhitning ifloslanishi ham odamning semirib ketishiga sabab bo`lishi ilmiy tomondan asoslandi. Zararli moddalar yog` to`qimalariga yig`ilib, ortiqcha vaznni yuzaga keltiradi. Ular inson organizmiga yog` mavjud bo`lgan mol yoki baliq go`shti orqali tushadi.
6. Uzoq vaqt televizor ko`rish
Mabodo kuniga 2 soatdan ortiq vaqtingizni televizor qarshisida o`tkazadigan bo`lsangiz, semirish xavfi 23 % ga oshadi. Tadqiqotlar natijasida sun`iy yorug`lik melatonin (metabolik buzilishning oldini oluvchi) garmon darajasini tushirib yuborishi aniqlandi. Bu esa semizlik va diabet kasalligiga olib keladi.
7. “Yog` miqdori kam bo`lgan” mahsulotlarni iste`mol qilish
Tadqiqotchilar yog` miqdori ko`p bo`lgan sut mahsulotlarini iste`mol qilish inson organizmi uchun foydali ekanligini aniqlashgan. Ularda yog` mavjud bo`lsa-da, odamni semirtirmaydi. “Yog` miqdori kam” deb reklama qilinayotgan, oziq-ovqat mahsulotlari ko`p hollarda yog`li va kaloriyali bo`ladi.