AsosiyIqtisodiyot

Muomaladan chiqqan pullar yangisiga almashtirib beriladi - Markaziy bank

'Muomaladan chiqqan pullar yangisiga almashtirib beriladi - Markaziy bank'ning rasmi

“O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so`mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so`mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to`g`risida”gi Nizomga (ro`yxat raqami 3014, 2018 yil 19 may) asosan eski namunadagi tanga va banknotlarning muomalada bo`lish muddatlari belgilangan. 

Unga ko`ra:

2001-2002 yillar namunalaridagi 50 so`mlik, 2004 va 2009 yil namunalaridagi 100 so`mlik tangalar hamda 1994 yil namunasidagi 50 va 100 so`mlik banknotlar uchun 2019 yil 1 iyulgacha;

1997 yil namunasidagi 200 so`mlik, 1999 yil namunasidagi 500 so`mlik banknotlar uchun 2020 yil 1 iyulgacha belgilangan.

Markaziy bank Boshqaruvining 2022 yil 29 yanvardagi qaroriga asosan ushbu eski namunadagi to`lov qobiliyatini yo`qotgan pul belgilarini Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlari orqali amaldagi pul belgilariga almashtirib berish muddati 2023 yilning 1 yanvarigacha uzaytirilgan edi.

Bugungi kunda ayrim hududlarda to`lov qobiliyatini yo`qotgan banknotlarni almashtirish yuzasidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olib, Markaziy bank boshqaruvining 2023 yil 3 iyundagi tegishli qaroriga asosan to`lov qobiliyatini yo`qotgan eski namunadagi 50, 100, 200 va 500 so`mlik banknotlarni hamda 50 va 100 so`mlik tangalarni Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlari orqali qabul qilish va almashtirib berishni davom ettirish belgilandi.

“Shu munosabat bilan, barcha fuqarolar qo`lida qolib ketgan eski namunadagi to`lov qobiliyatini yo`qotgan yuqorida ko`rsatilgan nominallardagi banknotlar va tangalarni Markaziy bankning Hisob-kitob kassa markazlarida amaldagi pul belgilariga erkin almashtirib olishlari mumkinligini ma`lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar