1

Samarqandda Fransiya alyansining filiali ochiladi

Siyosat 02.11.2023, 12:22
Samarqandda Fransiya alyansining filiali ochiladi

Samarqand shahridagi Kongress markazida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning tor doiradagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz etakchisi Fransiya Prezidentining O`zbekistonga oxirgi 30 yildagi ilk tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida ta`kidladi.

Emmanuel Makron davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelish taklifi hamda Fransiya delegasiyasiga ko`rsatilayotgan samimiy mehmondo`stlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Fransiya rahbari Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini to`liq qo`llab-quvvatladi.

Etakchilar Fransiya bilan O`zbekiston o`rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar hamda ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko`tarishga kelishib oldilar.

Keyingi yillarda ko`p qirrali O`zbekiston-Fransiya munosabatlari barcha yo`nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani ta`kidlandi.

Tovar ayirboshlash va qo`shma korxonalar soni karrasiga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard evrodan oshdi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 1 milliard evrolik Strategik hamkorlik dasturi amalga oshirilmoqda.

“Yashil” energetika, xomashyo resurslarini qazib olish va qayta ishlash, innovasion qishloq xo`jaligi, suv ta`minoti, logistika, infratuzilmani rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarda yangi yirik loyihalarni ilgari surish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Fransiya O`zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonchni mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlarini, shuningdek, mamlakatimizning JSTga a`zo bo`lishini hamda Evroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi bitim tez fursatda imzolanishini bundan buyon ham qo`llab-quvvatlashga tayyor ekani ta`kidlandi.

Siyosiy muloqotni davom ettirish, xavfsizlik, yuzaga kelayotgan tahdid va xatarlarga samarali qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik kun tartibi boy ekani mamnuniyat bilan ta`kidlandi. O`zbekistonda fransuz tilini o`rganishga qiziqish ortib borayotgani aytildi. Shu munosabat bilan tomonlar Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishini olqishladilar.

Toshkent shahrida O`zbekiston-Fransiya oliy ta`lim muassasasini ochishni tezlashtirish hamda fransuz tili o`qituvchilarini tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1