1

O`zbekistonda asosiy stavka yana o`zgarishsiz qoldirildi

Iqtisodiyot 14.12.2023, 13:22
O`zbekistonda asosiy stavka yana o`zgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank boshqaruvi 14 dekabrdagi yig`ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Regulyatorning qayd etishicha, iqtisodiyotda inflyasion jarayonlarning sekinlashib borishiga qaramasdan, ushbu tendensiyaning davomiyligi bo`yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda. Yuqori yalpi talab sharoitida inflyasiyani 2025 yilda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish vazifasi nisbatan qat`iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni taqozo etmoqda.

Inflyasiya darajasi oktyabr—noyabr oylarida pasayib, yillik 8,8 foizni tashkil etdi. Ushbu pasayish o`tgan yilgi yuqori baza ta`siri, import narxlarining oshiruvchi hissasining kamayishi, yuridik shaxslar uchun energiya tariflari oshirilishi ta`sirining hali to`liq yuzaga chiqmaganligi hamda nisbatan qat`iy pul-kredit sharoitlarining davom ettirilayotganligi bilan izohlanadi.

Prognozlarga ko`ra, 2024 yilda bazaviy prognoz shartlari doirasida inflyasiya darajasi 8-9 foiz oralig`ida shakllanishi kutilmoqda. Ayni paytda, xalqaro savdodagi mavjud nobozor cheklovlar va fragmentasiya fonida inflyasiyani oshiruvchi tashqi xatarlar hamda tartibga solinadigan narxlar bo`yicha kutilayotgan navbatdagi tuzatishlar ta`sirlarining keyingi choraklarda namoyon bo`lish ehtimollari saqlanib qolmoqda.

Bazaviy inflyasiya — yil boshidan sekinlashish dinamikasini ko`rsatib, noyabr oyida yillik 9 foizni tashkil etgan bo`lsa-da, ayrim tovarlar bo`yicha oshiruvchi bosimlar ta`siri kuzatilmoqda. Inflyasiyaning barqaror pasayishiga erishish ma`lum bir muddatni talab etadi. Aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari joriy inflyasiya ko`rsatkichlaridan yuqori darajada, 13-14 foiz atrofida shakllanishda davom etmoqda.

“Global inflyasion jarayonlar yaxshilanishining sekin kechayotgani hamda jahon iqtisodiyoti rivojidagi kutilmalarning va xalqaro xom ashyo bozorlaridagi narxlarning yuqori o`zgaruvchanligi kelgusi choraklarda ham tashqi moliyaviy sharoitlar, xususan, tashqi resurslar hisobiga moliyalashtirish shartlarining qat`iyligicha qolishi borasidagi taxminlarni kuchaytirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy faollik asosan yuqori yalpi iste`mol talabi va xususiy investisiyalarning o`sishi hisobiga ta`minlanmoqda. Iste`mol talabini davlat xarajatlari va chakana kreditlash hajmlarining oshishi qo`llab-quvvatlamoqda. Taklif tomonidan iqtisodiy o`sishning drayveri, yalpi ichki mahsulot o`sishining qariyb yarmini ta`minlovchi xizmatlar sohasi bo`lib qolmoqda. Ish haqi va aholi real daromadlari o`sishining ijobiy dinamikasi saqlanib qolishi kelgusida iste`mol faolligini qo`llab-quvvatlaydi.

“Yuqorida keltirilgan omillar inflyasion jarayonlarning barqaror pasayishini ta`minlash bilan bog`liq xatarlar saqlanib qolayotganini ko`rsatmoqda. Markaziy bank boshqaruvi ushbu sharoitlarda inflyasiyaning maqsadli ko`rsatkichiga erishish uchun nisbatan qat`iy pul-kredit siyosatini davom ettirishga qaror qildi”, — deyiladi bank xabarida.

Ta`kidlanishicha, inflyasiyaning pasayib borishi holatida asosiy stavkaning o`zgarishsiz saqlab qolinishi pul bozoridagi real foiz stavkalarining mo`tadil saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Bu esa kreditlash sur`atlarining muvozanatlashuvi sharoitida, jamg`arish faolligida joriy dinamikaning saqlanib qolishiga xizmat qiladi hamda tashqi moliyalashtirishning qimmatlashuvi fonida ichki moliyaviy manbalardan kengroq foydalanish imkoniyatini oshiradi.

Shuningdek, milliy valyutadagi depozitlar bo`yicha yuqori real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining yuqori o`sish sur`atlari davom etishi kutilmoqda. Kelgusida uzoq muddatli narxlar barqarorligiga erishish byudjet taqchilligining qisqarishi va iqtisodiyotga bozor tamoyillarini qo`llash ko`lamining kengayish sur`atlari bilan bog`liqligi tobora dolzarb bo`lib boradi.

Markaziy bank inflyasiyani pasaytirishga qaratilgan pul-kredit sharoitlarni yaratish va makroprudensial choralarni kuchaytirishni davom ettiradi hamda kelgusi yangilanayotgan ma`lumotlarni hisobga olib inflyasiyaning prognozi va kutilmalari asosida asosiy stavka bo`yicha qarorlarini qabul qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1