AsosiyReklama

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTLIGIGA NOMZOD NARIMON MAJITOVICh UMAROVNING DASTURI

KUCh – ADOLATDA!

Tarixan qisqa davr – mustaqilligimizning chorak asri davomida yurtimizda ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik huquqiy davlat yaratish, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta`minlash, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan tizimli va keng ko`lamli islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz barqaror va izchil rivojlanib, demokratlashtirish va modernizasiyalash jarayonlari tobora chuqurlashib bormoqda.

Ulkan qiyinchiliklarga, ayniqsa, mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki yillarida engib o`tishga to`g`ri kelgan muammolar, tahdid va sinovlarga qaramasdan, jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida, mamlakatimizda mutlaqo yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, erkin va farovon hayot qurish borasida yuksak marra va natijalarga erishildi. Bu yillar ichida O`zbekiston iqtisodiyoti qariyb 6 barobar o`sdi. Bugungi kunda mamlakatimiz ilgarigi qoloq, iqtisodiyoti bir­yoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avj olgan agrar o`lkadan, aholisining hayot darajasi va sifati izchil yuksalib borayotgan, iqtisodiy salohiyati tobora ortib, jadal sur`atlar bilan taraqqiy etayotgan zamonaviy industrial davlatga aylandi.

Jumladan, aholining real daromadlari 12 barobardan ziyod ko`paydi, ish haqi, pensiya va ijtimoiy nafaqalar salmoqli darajada oshdi. Har yili Davlat byudjetining qariyb 60 foizi sog`liqni saqlash, ta`lim, kommunal xo`jalik va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog`liq boshqa sohalarni rivojlantirish uchun yo`naltirilmoqda. Jahon amaliyotida kam uchraydigan bunday ko`rsatkichlar amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson turishi, ularning bosh maqsadi insonning hayotiy va qonuniy manfaatlarini ta`minlash va himoyalashga qaratilganidan dalolat beradi. Eng muhimi, o`tgan davr mobaynida fuqarolarimizning ijtimoiy ongi va siyosiy faolligi sezilarli darajada oshdi.

Istiqlol yillarida hayotga tatbiq etilgan islohotlar va ularning yuksak natijalarini e`tirof etgan holda, biz mamlakatimizning bundan keyin ham izchil taraqqiy etishi, rivojlangan zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga kirishi tarafdorimiz.

Shu bilan birga, xalqimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishga qaratilgan yangi vazifalarni, marralarni belgilash va ularga erishish borasidagi sa`y-harakatlarimizni sifat jihatidan yuqori bosqichga ko`tarishimiz lozim, deb bilamiz va shuning uchun partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, parlamentda o`zini muxolif deb e`lon qilgan kuch sifatida saylovchilarga muqobil dasturimizni taklif etmoqdamiz. Zero, biz yashayotgan murakkab, globallashuv asrida erishilgan natijalar bilan kifoyalanmasdan, davrning tobora ortib borayotgan talablariga uyg`un va hamohang bo`lib qadam tashlaydigan mamlakatgina muvaffaqiyat qozonishi mumkin.

Mazkur dastur O`zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasining ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat, ma`naviy va axloqiy etuk adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish borasidagi dasturiy maqsad va vazifalariga asoslanadi. Biz, shuningdek, «Kuch – adolatda!», «Adolat – hayotimizning bosh mezoni», «Adolat – har bir inson uchun» hamda sosial-demokratiyaning eng muhim qadriyatlari bo`lgan – ijtimoiy adolat, erkinlik, birdamlik va imkoniyatlar tengligi g`oyalariga tayanamiz. Bunda biz hayotimizga samarali tatbiq etib kelinayotgan siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar hamda boshqa sohalardagi o`zaro chambarchas islohot va o`zgarishlarni amalda o`zini to`la oqlagan «O`zbek modeli»ga muvofiq ravishda davom ettirishni yaqin kelajakdagi bosh maqsadimiz, deb bilamiz va quyidagi vazifalarni ustuvor deb hisoblaymiz:

MAQSADIMIZ – DEMOKRATIK IJTIMOIY DAVLAT VA ADOLATLI FUQAROLIK JAMIYaTINI QURISh

Adolat va haqiqatga intilish, adolatli jamiyat qurish xalqimizning asriy orzulari sirasiga kiradi. Zero, adolat ustun bo`lgan joyda ish yurishadi, yurtda fayzu baraka bo`ladi, odamlarda mehr-oqibat kuchayadi. Adolat bor joyda taraqqiyot bo`ladi, yuksak muvaffaqiyatlarga erishiladi.

Shunday ekan, huquqiy demokratik davlat va adolatli jamiyat qurish borasidagi konstitusiyaviy normalarimizni hayotga tizimli ravishda va keng joriy etish ustuvor vazifa bo`lib kelgan va shunday bo`lib qolaveradi. Biz bunda ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillari hukm suradigan, aholining daromadi bo`yicha keskin tabaqalanishiga yo`l qo`yilmaydigan, fuqarolarning kuchli ijtimoiy himoyasini ta`minlashga yo`naltirilgan demokratik ijtimoiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish g`oyalariga tayanamiz.

Bizning maqsadimiz – davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta`minlash. Siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta`minlanishi uchun bor kuchimizni safarbar etamiz.

Biz vakillik hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o`rni va rolini yanada kuchaytirish, parlamentarizmni rivojlantirish, davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlari faoliyatiga oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini keng joriy etishni yoqlaymiz. Shuningdek, hokimiyatning barcha darajadagi boshqaruv organlari vakillari hamda fuqarolar o`rtasida o`zaro ochiq muloqot va to`g`ridan-to`g`ri munosabatlarni yanada kengaytirish tarafdorimiz.

Bu, o`z navbatida, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini echishda eng maqbul qarorlarni shakllantirish va qabul qilish jarayonida aholining faol ishtirokini ta`minlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish, byurokratizm va korrupsiyaning har qanday ko`rinishlarini bartaraf etishga ham xizmat qiladi, deb bilamiz.

Mahalliy boshqaruv organlari faoliyati samaradorligi va mas`uliyatini oshirish maqsadida biz hokimlarning vazirlik va idoralar hududiy bo`linmalari rahbarlarini ishga qabul qilish va ozod etishdagi, ularni javobgarlikka tortish masalasidagi, hududning kadr­lar siyosatiga ta`sir etishdagi vakolatlarini kengaytirish tarafdorimiz. Buning uchun mahalliy davlat hokimiyati idoralari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini chuqur xatlovdan o`tkazish, hududiy davlat hokimiyati organlari zimmasiga muayyan vazifa, vakolat va topshiriq yuklatilgan hollarda normativ-huquqiy hujjatlarda ularni amalga oshirish, nazorat qilish va hisobotini eshitish bilan  bog`liq aniq mexanizmlarni aks ettirish, qolaversa, barcha hududiy davlat hokimiyati organlari rahbarligiga tavsiya etilayotgan nomzodlarni hokimlar bilan kelishish lozimligini muhim, deb bilamiz.

O`zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta`minlash vazifasi davlat, hokimiyat, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari sa`y-harakatlarini uyg`unlashtirish va muvofiqlashtirish, jamoatchilik nazorati institutini yanada kuchaytirishni talab etadi. Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat ijtimoiy dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o`tkazish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning sog`liqni saqlash, ta`lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi muammolarni hal qilishdagi ishtirokini kuchaytirish kabi masalalar bizning doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi.

Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o`z xohish-irodasini erkin bildirishsiz tasavvur qilib bo`lmaydi, deb bilamiz va «Oshkoralik – fuqarolik jamiyatining muhim shartidir» degan tamoyilga tayangan holda, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so`z va axborot erkinligini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratamiz. Axborot sohasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan islohotlarning, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiq va oshkoraligini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish zarur, deb bilamiz.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta`minlashda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish ustuvor vazifamiz hisoblanadi.

Shuningdek, biz bosma ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini tar­qatish sohasida raqobatni rivojlantirishga, davriy matbuot mahsulotlarining chakana savdo tarmoqlarini kengaytirishga alohida ahamiyat beramiz.

 

ADOLAT –

QONUN USTUVORLIGIDA!

Biz uchun qonunchilik va sud-huquq sohasi doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Xususan, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida «Adolatli qonunlarni qabul qilish», «Qonun ustuvor bo`lgan joyda adolat bo`ladi» kabi g`oyalarni hayotga keng joriy etish, qonun ustuvorligini ta`minlash inson huquq va erkinliklari, uning ijtimoiy himoyasi amalda ta`minlanadigan huquqiy davlat, xalqchil, adolatli, erkin jamiyat, farovon hayot barpo etishning garovi, deb bilamiz.

Biz asosiy ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni faqat qonunchilik yo`li bilan muvofiqlashtirishga, shuningdek, qonunosti hujjatlarining soni va doirasini qisqartirishga intilamiz. Qonun davlat va jamiyatni boshqarishda asosiy vosita bo`lishi lozim. Qonunlarning yuqori sifati va barqarorligiga erishish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmini yaratish, qonun ijodkorligi jarayonida adolat va haqiqat g`oyalari muhim mezon bo`lishi lozim.

Har bir fuqaroga jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e`tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat`i nazar, qonun oldida teng imkoniyatlar taqdim etish, ijtimoiy adolat tamoyillari, fuqarolar konstitusiyaviy huquqlari, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish hokimiyatning barcha tarmoqlari, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining va ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlarining birinchi darajali vazifasi, deb bilamiz.

Biz «kuchli va adolatli sud hokimiyati bo`lgan joyda qonun va adolat tamoyillari ustuvor», deb hisoblaymiz. Shu maqsadda sud hokimiyatining mustaqilligini, sudlar tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning barqarorligini, faoliyatining ochiqligi va xolisligini ta`minlash, sudyalarni tayyorlash va qayta tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish, odil sudlovning nufuzini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta`minlash, eng muhimi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni taklif etamiz.

Biz, shuningdek, huquqni qo`llash va sud amaliyotida samarali natija berayotgan yarashuv institutini yanada kengaytirish choralarini ko`rishimiz darkor. Shu bilan birga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirib borish, har bir insonning, ayniqsa, mansabdor shaxslarning yuksak huquqiy madaniyatga asoslangan faoliyatini yo`lga qo`yish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishimiz zarur.

Jamiyat a`zolarining Konstitusiyamiz va qonunlarimiz ijrosiga bo`lgan ishonchi – ularning ertangi kunga bo`lgan ishonchidir. Shunday ekan, biz davlat boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza etuvchi tuzilmalar faoliyatida qonunchilik me`yorlarining buzilishiga, ularning noto`g`ri va erkin talqin etilishiga, shuningdek, to`rachilik, rasmiyatchilik va korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish tarafdorimiz. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash, xususan, ichki ishlar, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza etuvchi idoralar faoliyatida qonunchilikka amal qilinishi, inson huquq va erkinliklarining himoya qilinishi ustidan kuchli jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarur, deb hisoblaymiz.

Inson huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarida inson huquqlarini himoya qiluvchi institutlar, jumladan, Ombudsman va Inson huquqlari bo`yicha milliy markazning rolini yanada oshirish tarafdorimiz.

Shu bilan bir vaqtda, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish va rivojlantirish, mamlakatimizda huquqiy ta`lim va bilimlar targ`ibotini tubdan yaxshilash, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga etkazish, aholini qabul qilinayotgan qonunlarning maqsadi, mazmun-mohiyatidan keng xabardor etib borishga yo`naltirilgan maqsadli chora-tadbirlarni qo`llab-quvvatlaymiz. Zero, faqat erkin, o`z huquq va majburiyatlarini biladigan, qonun va amaldagi tartib-qoidalarni hurmat qiladigan fuqaro o`zining huquqlaridan to`laligicha foydalanishi mumkin. Bu borada fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda maxsus dastur ishlab chiqishni va uni hayotga joriy etishni rejalashtirmoqdamiz.

 

IQTISODIY BARQARORLIK – MAMLAKAT

TARAQQIYoTINING GAROVI!

Biz iqtisodiy sohada respublikamizda olib borilayotgan makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahamlash, iqtisodiy o`sish sur`atlarini davom ettirish, byudjet hamda milliy valyutamiz barqarorligini ta`minlash, bank va sug`urta tizimlarini mustahkamlash, chetdan qarz olish masalalarida konservativ yondashuvga asoslanish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketmasligiga erishish borasidagi siyosatni davom ettirish tarafdorimiz.

Zamonaviy ijtimoiy davlat faqat yuksak rivojlangan, samarali va ijtimoiy yo`naltirilgan iqtisodiyotga asoslanib muvaffaqiyatli faoliyat ko`rsatadi. Bozor iqtisodiyoti va xususiy tadbirkorlik tashabbuslari esa sosial-demokratiyaning erkinlik, adolatlilik va birdamlik kabi asosiy qadriyatlarni amalga oshirishda muhim vosita bo`ladi, deb hisoblaymiz. Shuningdek, biz bozorni boshqarish, tartibga solib turish zarur deb bilamiz hamda «raqobat – mumkin qadar, davlat boshqaruvi – zarurat qadar» tamoyilini hayotga keng tatbiq etish tarafdorimiz.

Biz mamlakatimiz kelajagi – innovasion rivojlanish va innovasion iqtisodiyotda deb bilamiz hamda davlatning muvofiqlashtiruvchilik faoliyati iqtisodiyotning barqaror innovasion taraqqiyotida muhim rol o`ynashi kerakligini e`tirof etamiz. Yangi texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyot davlat qudratini oshiradi, xalqimiz farovonligi va jamiyatimizning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda zamonaviy innnovasion va yuqori texnologiyalarni jadal rivojlantirish va keng joriy qilish maqsadida biz maxsus kompleks chora-tadbirlar dasturini qabul qilishni rejalashtirmoqdamiz.

Mazkur hujjatda, xususan, quyidagilar belgilanadi:

– innovasion faoliyatning me`yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy faoliyatni rivojlantirish sohasida me`yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;

– innovasiya va innovasion infratuzilmalarning yagona vakolatli organini ta`sis etish;

– Davlat byudjeti, korxona va tashkilotlarning moliyaviy qo`yilmalari, homiylik va xayriya mablag`lari hisobidan Innovasiya jamg`armasini tuzish;

– iqtisodiyot sohalarida xususiy biznes ishtirokida uncha katta bo`lmagan va qisqa muddatda o`zini oqlaydigan innovasion loyihalarni joriy etish.

Biz byudjet sohasida xarajatlarni keskin qisqartirish evaziga byudjet siyosatini amalga oshirish tarafdori emasmiz, chunki byudjet xarajatlari iqtisodiy rivojlanishning eng muhim omillaridan biridir, u aholining to`lov qobiliyatini kuchaytirib, o`z nav­batida, yuksak samarali ishlab chiqarishga raqbatlantiradi va yakunda xalq farovonligini ta`minlaydi.

Moliya bozoriga aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari mablag`larining faol jalb qilinishi borasida hali ishlatilmagan keng imkoniyatlar, echimini kutayotgan vazifalar mavjud deb bilamiz va ularning hal etilishi iqtisodiyotimizni rivojlantirish uchun qo`shimcha investisiyalar va moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatini beradi. Bu esa, o`z navbatida, iqtisodiyotimizni rivojlantirishda o`zimizning kuch va imkoniyatlarimizga tayanish zarurligi haqidagi uzoqni ko`zlangan strategiyani davom ettirish, kichik biznes va xususiy korxonalarning respublika va hududiy investisiya dasturlaridagi ishtirokini doimiy oshirib borish orqali istiqbolda ham yuqori iqtisodiy o`sish sur`atlarini saqlab qolishimizga xizmat qiladi.

Biz ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga, avvalambor, mamlakatimizda eksportga yo`naltirilgan iqtisodiyotni rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning jahon va mintaqaviy bozorlardagi raqobatdoshligini oshirish, eksport va import miqdori orasidagi muvozanatni saqlash nuqtai nazaridan yondashamiz.

Mamlakatimizning chekka hududlari va kichik shaharlarining rivojlanishini jadallashtirish, hududlar va poytaxt orasidagi keskin iqtisodiy va ijtimoiy tafovutga yo`l qo`ymaslik maqsadida biz yirik kompaniyalarning markaziy boshqaruv organlarini kichik shaharlarga ko`chirish hamda kichik shaharlarning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini respublika byudjeti hisobidan keng ko`lamli rekonstruksiya qilish zarur, deb hisoblaymiz.

Biz iqtisodiy sohada, shuningdek, quyidagilarni ham taklif etamiz:

– energiya sarfini iqtisod qilishni raqbatlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish. Mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag`batlantirish;

– muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni rivojlantirish bo`yicha qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish, sohadagi zarur standart va me`yorlarni tasdiqlash;

– mamlakatimizda uy-joy-kommunal sohasi va kundalik turmushda keng foydalanishga mo`ljallangan quyosh batareya­si va boshqa qayta tiklanuvchi energiya olishga ixtisoslashgan innovasion texnologiyalarni aholining xarid qobiliyatiga mos narxlarda ishlab chiqarishni kengaytirish;

– «yashil iqtisodiyot»ga va unga mos texnologiyalarga o`tishni davlat tomonidan keng rag`batlantirish choralarini kuchaytirish va bu yo`lda, ayniqsa, zarur infratuzilma yaratilishiga sarmoya kiritish, boshqaruvning samarali tizimi va xususiy sarmoyalar evaziga ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni yanada faollashtirish;

– investisiya takliflarini chuqur o`rganish va investorlarning ishlab chiqarishni modernizasiyalash, yangi texnika va yuksak texnologiyalarni kiritish, raqobatdosh, yuqori qo`shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarilishini ta`minlash bo`yicha majburiyatlarini qat`iy nazorat ostiga olish asnosida korxona va muassasalarni bos­qichma-bosqich xususiylashtirish siyo­satini davom ettirish va bu orqali aralash iqtisodiyot doirasida davlat mulkini himoya qilish, strategik muhim ob`ektlarni ularning ijtimoiy foydaliligidan kelib chiqib davlat tasarrufida qoldirish;

– eksportga yo`naltirilgan mahsulot ishlab chiqarishni rag`batlantirish, progressiv soliq tizimini bosqichma-bosqich joriy qilishni o`z ichiga olgan samarali iqtisodiy siyosat vositalaridan oqilona foydalanish.

Biz ekologik jihatdan toza texnologiyalar asosida jadal rivojlanishni ta`minlashga yo`naltirilgan mutanosib iqtisodiy siyosat olib borishni qo`llab-quvvatlaymiz.

Sanoat korxonalari chiqindilarini qayta ishlash orqali atrof-muhit musaffoligini ta`minlash dolzarb vazifalarimizdan ekanligini qayd etamiz.

Qolaversa, ekologik muammolarni hal etishda, uning iqtisodiy jihatlariga e`tibor qaratishni muhim deb bilamiz. Barcha ekologik muammolarni va u bilan bog`liq fuqarolar salomatligini himoya qilish masalalarini faqat Davlat byudjetiga yuklash to`g`ri bo`lmaydi. Biz «Ifloslantiruvchi to`lashi va ko`p pul to`lashi lozim» degan prinsipni joriy qilish tarafdorimiz.

Biz, shuningdek, iqtisodiy loyihalarning ekologik ekspertizasini kuchaytirish, uning ochiq va oshkoraligini ta`minlash, bu ishga nodavlat notijorat tashkilotlarini, ilmiy jamoatchilik, deputatlik korpusini keng jalb etishni lozim, deb hisoblaymiz.

Ekologiya masalalari ijtimoiy-iqtisodiy siyosatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo`lib, bu sohani kompleks rivojlantirish bo`yicha alohida dastur ishlab chiqamiz va uni hayotga tatbiq etamiz. Dasturda, xususan, tabiatning sanoat korxonalari tomonidan ifloslanishini kamaytirish, chang va zaharli moddalarni ko`p yutuvchi dov-daraxtlar sonini va turini oshirish, shaharlar va sanoat korxonalari atrofida yashil maydonlar barpo etish, saksovul va butazorlarni kengaytirish orqali atrof-muhit musaffoligini ta`minlashga qaratilgan aniq mexa­nizm­lar belgilab qo`yiladi.

 

KUChLI IJTIMOIY HIMOYa – ADOLATLI JAMIYaT POYDEVORI!

Biz «Ijtimoiy tenglik – teng huquq va teng mas`uliyat demakdir» degan tamoyilga tayangan holda fuqarolarning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy tengligi, har bir fuqaro qobiliyati hamda malakasidan kelib chiqib mehnat qilishi kafolatlanadigan, mehnatining miqdori va sifatiga yarasha munosib ish haqi va hayot darajasiga erishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan ijtimoiy davlat qurish uchun kurashamiz.

Davlat bundan keyin ham: insonning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini kafolatlashi; shaxsiy tashabbuslarni rag`batlantirishi; ish beruvchilar xodimlarning kuchi va sog`lig`idan foydalanishda suiiste`molchiliklarga yo`l qo`ymasligini ta`minlashi; fuqarolar o`zlarining jinsi, yoshi va kuchiga to`g`ri kelmaydigan ishlar bilan shug`ullanmasliklarini nazorat etishi lozim deb hisoblaymiz.

Biz O`zbekistonda «Islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun» tamoyiliga amal qilgan holda, turmush darajasi ko`rsatkichlarini yanada yaxshilashning muhim sharti bo`lgan, ko`p yillik mustaqil taraqqiyotimiz davrida o`zini oqlagan davlat ijtimoiy dasturlarini ishlab chiqib, hayotga samarali tatbiq etish tajribasini davom ettirishni taklif etamiz.

Ayni paytda, bizningcha, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni faqatgina davlat hokimiyati organlarining xatti-harakatlari bilan hal etib bo`lmaydi. Shu sababli davlat va xususiy biznes hamkorligini, avvalambor, sog`liqni saqlash, fan va ta`lim tizimi, yo`l qurilishi, kommunal sohalarda rivojlantirish zarur deb bilamiz. Bunday hamkorlikning eng samarali shakllarini qo`llash yuzasidan maxsus dastur ishlab chiqish, xodimlar va ish beruvchilar o`rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, korxonalarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, biznes tuzilmalarning ijtimoiy mas`uliyatini yanada oshirishga alohida e`tibor qaratish lozim.

Mamlakatimizda qulay biznes muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga biz, birinchi navbatda, yoshlar va ayollar, kollej bitiruvchilari uchun yangi ish o`rinlari yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini ta`minlash, aholi farovonligini, turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, ishini yo`qotganlarga yangi mehnat o`rinlarini hamda kasbiy qayta tayyorgarlik uchun ta`lim olish imkoniyatlarini yaratish nuqtai nazaridan yondashamiz. Biz yoshlarni munosib haq to`lanadigan mehnatga jalb qilish, kollej bitiruvchilari va yosh mutaxassislarni ish bilan ta`minlash yuzasidan davlat dasturlarining amalda bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholi bandligini to`liq ta`minlash va ishsizlikni minimal darajagacha qisqartirishga intilamiz.

Biz aholini ijtimoiy himoya qilish borasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish va mustahkamlash, ishchilari va xizmatchilarini tizimli ravishda ijtimoiy himoya qilayotgan, ularning intellektual salohiyati yuksalishi, oliy o`quv yurtlari va boshqa ta`lim muassasalarida o`qishlari va malakalarini oshirishlariga, sog`lig`ini tiklashiga ko`maklashayotgan korxona va tashkilotlar faoliyatini har tomonlama qo`llab-quvvatlash kabi masalalarga alohida e`tibor qaratamiz. Zero, insonning oilasidagi farovonlik, o`zining hayotga munosabati, oxir-oqibatda esa jamiyatimizning barqarorligi, uning ish bilan ta`minlangani, ijtimoiy himoyalangani, mehnati uchun munosib haq olayotganiga bevosita va bilvosita bog`liq.

Biz ish beruvchi va xodim o`rtasidagi munosabatlarda xodimning haq-huquqlarini to`laqonli ta`minlash, u bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirmagani, xodim mehnatiga haq to`lash, ijtimoiy sug`urta qilish, pensiya ta`minoti talablariga rioya qilmagani va ularni buzganligi uchun ish beruvchilar javobgarligining kuchaytirilishi bilan birga javobgarlikning muqarrarligini ta`minlash tarafdorimiz.

Biz aholining barcha ijtimoiy qatlamlari o`z vaqtida, muntazam, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta`minlash tarafdorimiz. Mustaqillik yillarida Davlat byudjetidan sog`liqni saqlash sohasiga yo`naltirilayotgan mablag`lar ulushi salkam 2 barobarga oshganligi, amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari, erishilgan ulkan marralarni e`tirof etgan holda, ushbu sohani yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi, deb bilamiz.

Zero, xalqi, farzandlari sog`lom va barkamol rivojlangan mamlakat kuchli va qudratlidir.

Aholining keng qatlamlariga ko`rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, maktab va maktabgacha ta`lim muassasalari doirasida bolalarni tibbiy xizmatlar bilan ta`minlash tizimini kuchaytirish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi, qalbakilashtirilgan va sifatsiz dori vositalari sotilishining oldini olish, skrining va perinatal markazlari, ayollar tibbiy maslahatxonalari, tug`uruq majmualari, ginekologiya va patronaj xizmatlari faoliyatini takomillashtirish masalalari e`tiborimiz markazida bo`ladi.

Biz aholi o`rtasida talab yuqori bo`lgan tibbiyot muolajalariga, xususan, transplantologiyaga, ekstrakorporal urug`lantirish va boshqa zamonaviy tibbiy xizmatlarga ruxsat berish tarafdorimiz. Qolaversa, xorijning etuk tibbiyot markazlari bilan hamkorlik o`rnatishga, chet el vrachlarinining O`zbekis­ton tibbiy muassasalarida jarrohlik operasiyalari o`tkazish amaliyotini kengaytirishga, ularni doimiy asosda ishga taklif qilish orqali milliy mutaxassislarimizning malakasini oshirishga alohida e`tibor qaratamiz.

Biz xotin-qizlarning jamiyat siyosiy hayotidagi faolligini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasidagi keng ko`lamli islohotlarni bosqichma-bosqich davom ettirish tarafdorimiz. Xotin-qizlarning yanada chuqur bilim va kasb mahoratiga ega bo`lishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish, mehnat bozorida ularga imtiyozlar berish, iqtidorli hamda yuqori malakali, yuksak intellektual salohiyatga ega bo`lganlarini davlat boshqaruvi organlarining barcha sohalariga va bo`g`inlariga jalb qilish masalalariga ustuvor vazifalar sifatida qaraymiz.

Biz, shuningdek, uy-joy sotib olish va qurish uchun ajratilayotgan ipoteka kreditlash jarayonini takomillashtirish va foizlarini optimallashtirish, uy-joy bozoridagi firibgarliklar uchun nazorat va javobgarlikni kuchaytirish, uy-joy-kommunal kompleksi ishini yanada yaxshilash, aholi uchun belgilanayotgan kommunal to`lovlar miqdorini doimiy nazoratda tutish, bu sohalarda aholiga xizmat ko`rsatadigan muqobil tashkilotlar o`rtasidagi raqobatni oshirish tarafdorimiz.

 

ZAMONAVIY, YuQORI INTELLEKTUAL KADRLAR – JAMIYaT BARQAROR RIVOJLANIShINING KAFOLATI

Bugun biz XXI asrda – intellektual mehnat birlamchi ahamiyat kasb etayotgan globallashuv va internet asrida, jahon bozorida raqobat kurashining miqyosi va keskinligi tobora ortib borayotgan bir davrda yashayotganimizni hech qachon unutmasligimiz zarur.

Shu ma`noda inson kapitali mamlakatning muhim milliy boyligidir va biz uning har tomonlama ko`payishi va taraqqiy etishi, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega, mamlakatimizni modernizasiya qilish va demokratik jamiyat qurish yo`lidagi murakkab va keng ko`lamli vazifalarni hal etishga qodir bo`lgan, yurtimiz va xalqimiz manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash masalasi prinsipial va hal qiluvchi ahamiyatga ega deb bilamiz.

Biz o`z oldimizga sanoati yuqori rivojlangan, iqtisodiyoti fan-texnika yutuqlari va innovasiyaga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishni maqsad qilib qo`ygan ekanmiz, oliy maktablarni tamomlagan, zamonaviy bilimga, keng dunyoqarashga ega malakali kadrlarni ko`proq tayyorlashga e`tibor qaratamiz. Chunki oliy ma`lumotga ega inson davlatdan ish so`rab, yordam kutib o`tirmaydi, balki o`zining tashabbuskorligi, zukkoligi va uddaburonligi, yangilikka intiluvchanligi bilan yangi ish o`rinlari yaratadi, mamlakatning rivojlanishida faol ishtirok etadi.

Shundan kelib chiqib, biz aholining oliy ta`lim bilan qamrab olinishini kengaytirish, qolaversa, ta`lim va tarbiya sohasida uzviylikni ta`minlash maqsadida quyidagi masalalarni ustuvor vazifalar sirasiga kiritamiz:

– xalq ta`limi tizimidagi islohotlarning davomi sifatida umumta`lim maktablarida ijtimoiy adolat va teng­lik tamoyillarining qaror topishiga erishish, sinflardagi o`quvchilar sonini optimallashtirish, elektron o`quv-ta`lim dasturlari va multimedia mahsulotlari miqdori va sifatini oshirish, ta`lim muassasalarida tibbiy xizmat darajasini yuksaltirish. Bu borada biz umumta`lim maktablarining kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirishni rejalashtirganmiz;

– kelajakda mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o`rin egallashini ta`minlash, «innovasion va bilim iqtisodiyoti»ga o`tish ehtiyojlari hamda aholining demografik o`sishi va boshqa jarayonlarni inobatga olib, mehnatga layoqatli aholining oliy ta`lim bilan qamrab olinganligini bosqichma-bosqich oshirib borish, davlat va xususiy sektor mablag`lari evaziga ta`lim grantlari ajratilishi tizimini takomillashtirish;

– oliy o`quv yurtlarining mustaqilligi, innovasion infratuzilmasini va ilm-fan, sanoat va iqtisod bilan aloqasini kuchaytirish, ularning bazasida kichik innovasion korxonalar tuzishni rag`batlantirish, tajriba va eks­perimental ishlab chiqarishni rivojlantirish, o`qituvchilar va xodimlarning innovasion faolligini oshirish;

– oliy ta`lim muassasalariga qabul qilishdagi kvotalar tizimini qayta ko`rish, barcha talabgorlarga oliy ta`lim olish huquqini berish orqali iqtidorli yoshlarni tanlab olish sifatini oshirish;

– xorijiy oliy ta`lim muassasalarini tamomlagan oliy ma`lumotga ega fuqarolarimiz diplomlarini nostrifikasiyadan o`tkazish tizimini soddalashtirish;

– hududlarning muayyan iqtisodiy ustunliklaridan kelib chiqqan holda, poytaxtda joylashgan oliy ta`lim muassasalarini tegishli hududlarga bosqichma-bosqich ko`chirish;

– masofadan turib ta`lim berishning zamonaviy shakllarini jadal sur`atlar bilan rivojlantirish;

– oliy ta`lim muassasalarini korporativ turdagi oliy ta`lim muassasalariga aylantirish orqali ularning sohaviy ixtisoslashuvini kuchaytirish;

– ishlab chiqarish va ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalarining innovasion faoliyatini rag`batlantirish, ilmiy izlanish va ishlanmalar raqobatdoshligini kuchaytirish;

– mehnat resurslarining ish beruvchi va bozor talablariga tezroq moslashishiga ko`maklashish maqsadida qisqa muddatli o`quvlarni tashkillashtiruvchi davlat va nodavlat kasb ta`limi tizimini yanada rivojlantirish.

 

TINChLIKSEVAR, PROGRESSIV TAShQI SIYoSAT:

MILLIY MANFAATLAR USTUVORLIGI

Biz tinchliksevar tashqi siyosat tarafdorimiz. O`zbekistonning dunyo hamjamiyatiga integrasiyasini yanada chuqurlashtirish, xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirokini kuchaytirishni dolzarb vazifa deb bilamiz.

Biz O`zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga asoslanib, jahon hamjamiyati bilan ikki tomonlama va ko`p tomonlama aloqalarni milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib rivojlantirish tarafdorimiz.

Biz bundan keyin ham mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirish, hech qanday harbiy bloklarga va koalisiyalarga qo`shilmaslik, harbiy maqsadlarni nazarda tutuvchi harakat va tashkilotlar bilan aloqa o`rnatmaslik, O`zbekistonning xorijiy davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, gumanitar aloqalarini mustahkamlashga harakat qilamiz.

Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega bo`lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O`zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo`nalishi hisoblanadi. Biz o`zimizning yaqin qo`shnilarimiz bilan ochiq, do`stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz. Qo`shni davlatlar bilan o`zaro munosabatlarimizni mintaqamizdagi barcha muhim siyosiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni o`zaro manfaatlarni hisobga olgan holda konstruktiv muloqot va xalqaro huquqning umume`tirof etilgan normalari asosida quramiz.

Biz xalqaro demokratik jamiyatning BMT tizimini kuchaytirishga yo`naltirilgan sa`y-harakatlarini yangi demokratik dunyoviy hamjamiyat yaratish tomon tashlangan muhim qadam sifatida qo`llab-quvvatlaymiz. Bundan keyin ham yadro qurollarisiz dunyo, Markaziy Osiyoda yadro qurollaridan xoli hudud barpo etish g`oyalarini ilgari surishni davom ettiramiz.

Shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish dasturi doirasidagi ijtimoiy va gumanitar loyihalarni amalga oshirishda o`zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifamizdir. Ushbu masalalarni hal qilishda BMTning ixtisoslashgan ins­titutlari (YuNEP, XMT Taraqqiyot das­turi va boshqalar) bilan hamkorlikni kengaytirish va ijtimoiy sohaga doir dasturlarni hamkorlikda amalga oshirishda faol ishtirok etishni qo`llab-quvvatlaymiz.

 

Maqola shartnoma asosida chop etilmoqda

    Boshqa yangiliklar