Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoevningsaylovoldi dasturida ijtimoiy siyosatning muhim yo`nalishi bo`lgan sog`liqni saqlash va tibbiyot sohasini rivojlantirish borasidagi “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyilini izchillik bilan hayotga tatbiq etish ustuvor vazifa deb belgilangan.
Ma`lumki, mamlakatimizda sog`liqni saqlash tizimini modernizasiyalash bo`yicha bosqichma-bosqich diqqatga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat dasturlarida nazarda tutilgan vazifalarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, davolashning eng ilg`or uslublari keng qo`llanilmoqda, aholiga birinchi davolash-profilaktika yordami ko`rsatilishining zamonaviy tizimi yaratilgan. Aholiga shoshilinch va maxsus tibbiy yordam ko`satish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning viloyat bo`limlari, bir yuz etmishdan ziyod subfiliallari, “103” tez tibbiy yordam hamda sanitar aviasiya xizmati el salomatligini asrash yo`lida tunu-kun uzluksiz faoliyat olib bormoqda. Shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining avtoparklari ham keyingi yillarda chaqiriqlarga o`z vaqtida etib borish maqsadida to`rt yuzta maxsus transport bilan ta`minlandi.
Mustaqillik yillarida qishloq joylarda uch mingga yaqin qishloq vrachlik punktlari barpo etilib, mazkur muassasalar yangi tibbiy texnologiyalar bilan ta`minlandi. Ushbu ixtisoslikda ishlaydigan umumiy amaliyot vrachlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi, shuningdek, patronaj hamshiralik xizmati shakllantirildi. Shuningdek, aholiga yuqori sifatli diagnostika yordamini ko`rsatish, ona va bola skriningi, perinatal xizmatlar, shoshilinch hamda ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarining zamonaviy tizimi yaratildi. Bularning bari salomatlik bilan bog`liq ko`plab muammolarning oldini olish va eng muhimi, keng jamoatchilikning tibbiy madaniyat darajasini yuksaltirish, aholi sog`lig`ini saqlash borasida salmoqli ko`rsatkichlarga erishish imkonini bermoqda. Masalan, mamlakatimizda keyingi besh yil ichida har 100 ming chaqaloqqa nisbatan onalar o`limi 23,1 dan 19 taga, 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limi 14,8 tadan 13,9 taga, chaqaloqlar o`limi 11 tadan 10,7 taga kamaydi.
Shuning uchun ham nufuzli “The Lancet” tibbiyot jurnali tomonidan e`lon qilingan tabobat, hayot va salomatlik bilan bog`liq barqaror rivojlanishning ko`rsatkichlari bo`yicha reytingda O`zbekiston MDH mamlakatlari o`rtasida birinchi o`rinni egalladi. “Doyalar ishtirokidagi tug`uruqlar” mezoni bo`yicha O`zbekiston maksimal darajadagi bahoni, “Kasalliklar tibbiy profilaktikasi darajasi” bo`yicha — 93, “Havo ifloslanishi tufayli kasallikka chalinish” mezoni bo`yicha — 89, “Oilani rejalashtirish va reproduktiv yosh” bo`yicha — 84, “Chekish” hamda “Ichishga yaroqsiz suv iste`moli bilan bog`liq kasalliklar” mezoni bo`yicha 81 ball to`pladi va salomatlik reytingida jahondagi 188 davlat o`rtasida 55-o`rinni egalladi.
Yana bir e`tiborli jihati, O`zbekiston jahondagi nufuzli tashkilot — “Save the children” (“Bolalarni asraylik”) xalqaro muassasasi tomonidan tuzilgan dunyo reytingida bolalar salomatligini mustahkamlash borasida katta g`amxo`rlik ko`rsatilayotgan eng ilg`or o`n mamlakat qatoridan joy olgan.
Xalqimizda “Tani sog`lik – tuman boylik”, degan naql bejiz aytilmagan. Tani sog` odamgina buyuk ishlarga qodir bo`ladi, yurti ravnaqi uchun butun kuch-qudratini ishga soladi. Partiyamiz tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida ko`rsatilgan Shavkat Miromonovich Mirziyoev saylovoldi dasturida sog`liqni saqlash sohasini yanada isloh qilish, aholiga tibbiy xizmat ko`rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida qishloq vrachlik punktlari, tez tibbiy yordam stansiyalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha, shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo`yicha bir qator dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Har bir yurtimiz fuqarosini prezidentlik saylovlaridaTadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodiga ovoz berishga chaqiramiz.
O‘zLiDeP Matbuot xizmati.
Maqola shartnoma asosida chop etilmoqda