O`zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi prezidentligiga ko`rsatilgan nomzod o`z saylov oldi dasturida ilgari surilgan milliy tiklanishdan milliy yuksalishga erishish g`oyasi doirasida bizga nimalarni va`da bermoqda?
Ma`naviy-ma`rifiy sohada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Chunki o`zligini anglagan, qadriyat va an`analarini e`zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi. Ushbu muhim vazifada e`tibor qaratiladigan jihatlar quyidagilar:
- Tariximizni talqin etishda noxolislikka qarshi kurashish;
- Madaniy meros ob`ekti belgilariga ega bo`lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to`liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish;
- YuNESKOning Jahon madaniy merosi ro`yxatiga kirmagan arxitektura yodgorliklarini unga kiritishga qaratilgan Davlat dasturini qabul qilish va amalga oshirish;
- Turistik faoliyat bilan shug`ullanadigan tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan to`lanadigan soliq va majburiy to`lovlar hisobidan moddiy madaniyat merosini qayta tiklash va kapital ta`mirlash jamg`armasini tashkil etish;
- xorijiy mamlakatlar kutubxona, arxiv va muzeylarida saqlanayotgan o`zbek allomalari, mutafakkirlari va yozuvchi-shoirlari tomonidan yaratilgan ilmiy va badiiy asarlar hamda xalqimiz tarixiga oid moddiy boyliklarni O`zbekistonga qaytarish;
- estetik qimmatga ega bo`lgan milliy hunarmandchilik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an`analarini saqlab qolishni rag`batlantirish;
- yoshlar ongini «ommaviy madaniyat»ning salbiy ta`siridan muhofaza qilishda kino, teatr va estrada san`atida xalqimizning boy va betakror tarixi, madaniyati, an`analari va ilg`or urf-odatlarini ta`sirchan badiiy obrazlar orqali ifoda etadigan asarlarning dunyoga kelishiga ko`maklashish hamda ularni targ`ib qilish;
- davlat tilini boyitishga yo`naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish;
- jamiyatning o`ta muhim tarmoqlarida o`zbek tili o`zining haqiqiy o`rnini egallashiga erishish va bu sohada maxsus komissiya tuzish;
- Barcha jabhada o`zbek adabiy tili me`yor va qoidalari buzilishining oldini olish;
- lotin yozuviga asoslangan o`zbek tilida kitoblar, gazeta va jurnallar etarli darajada nashr qilishni tubdan kuchaytirish;
- O`zbekiston zaminida yashab ijod etgan va jahon tamadduni taraqqiyotiga salmoqli hissa qo`shgan ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san`at namoyandalari, buyuk davlat arboblari, harbiy sarkardalar hayoti va faoliyatiga bag`ishlangan kino asarlar yaratilishida moliyalashtirish manbalarini aniqlash, xorijiy kinostudiyalar bilan hamkorlikda, taniqli rejissyor va aktyorlar ishtirokida ularni butun dunyo jamoatchiligiga etkazish;
- ma`naviy-ma`rifiy markazlarni tashkil etish va ularning faoliyatini rivojlantirish, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning boy axborot-kutubxonachilik fondini ko`paytirib borish;
- tarixda xorijiy mamlakatlarda yashab ijod etgan hamda yurtimizda tug`ilib, taqdir taqozosi bilan chet ellarda vafot etgan buyuk alloma va mutafakkirlarning qabrlarini aniqlash, ularning mangu qo`nim topgan maskanlarini obodonlashtirish;
- ijtimoiy-gumanitar fanlarning mamlakatimiz taraqqiyoti va yosh avlodimizning dunyoqarashini shakllantirishdagi o`ta muhim imkoniyatlaridan foydalanib, fundamental asarlarni bosmadan chiqarishni va ularning ommaviylashuvini qo`llab-quvvatlash;
- O`zbekiston xalqining tarixi, ma`naviy-madaniy merosiga doir adabiyotlarni nashr etish bilan shug`ullanayotgan mualliflar, bosmaxonalar, nashriyotlarni iqtisodiy jihatdan rag`batlantirish, ularga soliq va boshqa to`lovlar bo`yicha imtiyozlar berish;
- bolalarning milliy va jahon musiqa madaniyatining eng yaxshi asarlari bilan oshno bo`lishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- jahon musiqa san`atini chuqur o`rganish va yutuqlarini o`zlashtirish, san`atkor, ayniqsa, yosh xonanda va sozandalarimizning xalqaro nufuzli tanlovlar va festivallarda ishtirok etib, sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritishiga erishish;
- odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o`stirish va eng muhimi, mamlakatimizning barcha teatrlarida «Ochiq eshiklar kuni»ni tashkil etish;
- oilalar hayotida hamon saqlanib qolayotgan noxush holatlar (to`y marosimlarini o`ta dabdabali qilib o`tkazish va isrofgarchilikka asoslangan boshqa tadbirlar)ga barham berishga qaratilgan ishlarda faol ishtirok etish.
Keyingi sonlarda nomzodning siyosiy va sud-huquq, iqtisodiyot, ijtimoiy sohalar uchun belgilangan muhim vazifalari bilan tanishtiramiz.
Maqola shartnoma asosida chop etilmoqda