Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqini Ramazon oyi bilan tabrikladi.
Butun Er yuzidagi islom ummati bilan birga jonajon O`zbekistonimizning barcha mo`min-musulmonlari ham qutlug` va muborak Ramazon oyini xursandchilik bilan kutib oldilar.
Dunyo musulmonlari uchun eng aziz va qadrli bo`lgan, barcha ezgu niyatlar ijobat bo`ladigan Ramazoni sharifning kirib kelishi bilan siz, azizlarni, butun xalqimizni chin yurakdan muborakbod etib, barchangizga o`zimning yuksak ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etaman.
Avvalo, qalblarimizga iymon nurini bag`ishlaydigan ushbu ulug` ayyomni yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik muhitida, oilamiz, el-yurtimiz davrasida kutib olayotganimiz uchun Parvardigori olamga cheksiz shukronalar aytamiz.
Ma`naviy poklanish, sabr-qanoat, xayru saxovat fazilatlari ziyoda bo`ladigan mohi Ramazonni milliy an`ana va qadriyatlarimizga mos, yuksak darajada o`tkazish, yurtimiz musulmonlarining ibodat amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.
“Inson qadri – ulug`” degan olijanob tamoyilimizdan kelib chiqqan holda, mazkur fazilatli oyda xalqimiz manfaatlarini ta`minlash, yosh avlodimizni bilim-ma`rifat, yaxshi xulq-odob sohiblari etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, jamiyatimiz, el-yurtimiz o`rtasida mehr-oqibat va o`zaro hurmat muhitini mustahkamlash, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan savobli ishlarimiz yanada ziyoda bo`ladi, deb ishonamiz.
Zero, hadisi shariflarda zikr etilganidek, bu oyda qilingan birgina yaxshilik o`n karra mukofot bo`lib qaytadi.
Ming afsuski, bugun dunyoning bir qancha mintaqalarida notinchlik, qarama-qarshilik va to`qnashuvlar sodir bo`lmoqda, begunoh insonlarning qoni to`kilmoqda. Biz butun xalqimiz bilan birga yaratgan Egamdan dunyoda tinchlik va osoyishtalik qaror topishini, go`zal diyorimizdagi tinch-osuda hayot bardavom bo`lishini chin dildan so`rab, Qadr kechalarida ixlos bilan duolar qilamiz.
Fursatdan foydalanib, ushbu shukuhli lahzalarda dunyo mo`min-musulmonlarini, do`st va hamkorlarimizni muqaddas Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, ularning davlatlari va xalqlariga tinchlik-omonlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Ramazoni sharif el-yurtimizga qut-baraka, har bir xonadonga shodu xurramlik, yangi yutuq va omadlar olib kelsin!
Ramazon oyi yana bir bor barchamizga muborak bo`lsin!
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti