1

Taekvondochilarimiz to`liq tarkib bilan Parij-2024 Olimpiya o`yinlariga yo`llanma olishdi

Sport 15.03.2024, 16:56
Taekvondochilarimiz to`liq tarkib bilan Parij-2024 Olimpiya o`yinlariga yo`llanma olishdi

Taekvondo WT bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi mas`uliyatli davr - Parij-2024 Olimpiadasi siklining kvalifikasion bosqichini katta muvaffaqiyat bilan tugatmoqda. Hamyurtlarimiz 100 foizlik natija ko`rsatib, Fransiya poytaxti mezbonlik qiladigan Olimpiadaga 4 ta lisenziyani qo`lga kiritishdi.

Avvalgi Olimpiada sikllarida ko`pi bilan 1 nafar taekvondochimiz reyting orqali 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga yo`l olgan bo`lsa, bu gal ilk bor 2 nafar hamyurtimiz kuchli beshlikdan joy olishga muvaffaq bo`ldi. Shuningdek, yana bir nechta sportchilarimiz lisenzion hududga juda yaqin kelishdi. Olimpiada reytingining yakuni natijalar avvalgidan ancha o`sganini ko`rsatmoqda. Shuningdek, ketma-ket ikki jahon chempionati 4 ta medal bilan yakunlangani ham Parij-2024 siklida O`zbekiston terma jamoasi nafaqat Osiyo, balki dunyo taekvondosida kuchlilar qatorida e`tirof etilishini ifodalaydi.

Ulug`bek Rashitov (-68 kg) va Svetlana Osipova (+67 kg) 2023 yil yakunida e`lon qilingan reytingga ko`ra, Olimpiya o`yinlari ishtirokchisiga aylanishdi. Shu bois O`zbekiston terma jamoasi Xitoyda o`tayotgan qit`aviy lisenzion turnirga 1+1 shaklida, ya`ni 1 nafardan erkak va ayol sportchilarni ro`yxatdan o`tkazishi mumkin edi. Tanlab olingan sportchilar Jasur Jaysunov (-80 kg) va Ozoda Sobirjonova (-67 kg) bildirilgan ishonchni oqlashdi. Bugun ular berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, jamoamiz yo`llanmalari sonini 4 taga etkazishdi.

Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlarida ham taekvondochilarimiz to`liq tarkibda ishtirok etishgan edi. Ushbu natija bu gal ham takrorlanib, O`zbekiston taekvondo bahslarida Fransiyaga to`liq tarkib bilan yo`l oladigan kam sonli delegasiyalardan biriga aylandi. Darvoqe, taekvondochilarimiz Parij-2024 Olimpiadasi dasturiga ko`rgazmali yo`nalish sifatida kiritilgan aralash jamoaviy bahslarda ham qatnashadigan dunyodagi 4 jamoadan biri hisoblanadi.

Demak, Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o`yinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan taekvondochilarimiz ro`yxati quyidagicha:

-68 kg: Ulug`bek Rashitov
-80 kg: Jasur Jaysunov
-67 kg: Ozoda Sobirjonova
+67 kg: Svetlana Osipova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1