Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida sambochi To`ra Avloqulov qo`lbola usulda yasalgan quroldan olgan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etdi. Unga o`q uzgan fuqaro hodisa joyidan qochmoqchi bo`lganida IIB tezkor xodimlari tomonidan ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov darakchi.uz ga xabar berdi.
Ma`lumotga ko`ra, voqea 29 mart kuni bo`lgan.
Shahrisabz shahrida yashovchi fuqaro Damas avtomobilida ketayotganda o`ziga oldindan tanish bo`lgan boshqa bir shaxsni ko`rib qolib, birgalikda kafega borgan va spirtli ichimlik iste`mol qilgan. Ular bir soatlardan so`ng kafedan chiqib To`ra Avloqulovni ko`rib qolgan va uni ham avtomashinaga mindirib, boshqa kafega borgan.
Fuqarolar kafeda pulni to`lash ustida tortishib qolgan. Fuqaro tanishi To`ra Avloqulovga yo`lda kelayotgan paytda 50 ming so`m pul berganini, shu bois ovqatlanish xarajatini to`liq to`lashini aytgan. U hamma pulni to`lamasligini bildirib, olgan 50 ming so`m pulini qaytarib bergan. Fuqaro pulni olmasdan, unga jahl qilib, avtomobilidan qo`lbola usulda yasalgan qurolni olib, sherigining boshiga bir marta o`q uzgan.
Natijada, To`ra Avloqulov olgan tan jarohati oqibatida Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limiga yotqizilgan. Unga o`q uzgan fuqaro hodisa joyidan qochmoqchi bo`lib, avtomashinasi bilan ketayotganida hodisa joyidan taxminan 500 metr uzoqlikda tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan to`xtatib qolingan.
Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi ma`lumotnomasida To`ra Avloqulovning tanasida og`ir ochiq teshib o`tuvchi bosh miya jarohati, bosh miya ichidagi metall va suyak parchalari, chap peshona suyagining parchalanib singan jarohati, chap qosh ustida ezilib yirtilgan ko`rinishida tan jarohatlari borligi, ahvoli o`ta og`ir darajada ekanligi qayd etilgan. U shifoxonada hayotdan ko`z yumgan.
Holat yuzasidan Shahrisabz tuman prokuraturasi tomonidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 2-qismi “d” va “l” bandlari (bezorilik oqibatida, boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo`lgan usulda qasddan odam o`ldirish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.