Amudaryo ustidan o`tuvchi qo`shma ko`prikda 7-9 may kunlari avtotransport vositalari harakati vaqtincha to`xtatiladi. Bu haqda «O`zbekiston temir yo`llari» aksiyadorlik jamiyati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Qoraqalpog`istonning Amudaryo tumanida Qipchoq – Blokpost stansiyalari oralig`idagi temiryo`l kesishmasini jihozlash bo`yicha qo`shimcha ishlar olib boriladi. Shu munosabat bilan 2024 yil 7 may kuni soat 14:00 dan 2024 yil 9 may soat 14:00 gacha qo`shma ko`prikda avtotransport vositalari harakati vaqtincha to`xtatiladi.
Ushbu davr mobaynida avtotransport vositalari harakati Qipchoq ponton ko`prigi orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o`tamiz, 29 fevral kuni Prezident Amudaryo ustidan qurilgan ushbu ko`prikni ochib bergan edi. Ko`prikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot—Qorao`zak bekatlarini bog`laydigan 85 kilometrlik temiryo`l hamda 3 ta vokzal ham qurilgan.
Bu inshoot samarasida yo`lning o`tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yo`lovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz o`tishi ta`minlanadi.
Ma`lumot uchun, ko`prik ikki tarafga qarab 24 juft poezdni o`tkazish imkoniyatiga ega bo`lib, bu orqali temiryo`l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temiryo`l orqali Qozog`iston va Rossiyaga ham yangi yo`nalishlar ochiladi.