AsosiyJamiyat

Prezident yangi tayinlangan elchilarning ishonch yorliqlarini qabul qildi

Mirziyoev Vengriya, Eron, Chexiya, O`mon va Jazoirning yangi tayinlangan elchilaridan isho...

Mirziyoev Vengriya, Eron, Chexiya, O`mon va Jazoirning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Prezidentimiz Chexiya Respublikasi O`zbekistonning Evropa Ittifoqidagi an`anaviy va muhim hamkori ekanini ta`kidladi. O`tgan yili hukumat delegasiyalarining o`zaro tashriflari ikki tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga ko`tardi.

Birgina o`tgan yilning o`zida o`zaro savdo ikki barobarga ko`paygani hamkorlik borasida katta imkoniyatlar mavjudligini yaqqol tasdiqlaydi. O`zbekistonda Chexiyaning etakchi kompaniyalari sanoat, infratuzilma, tibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. “Toshkent-Praga” aviaqatnovlari yo`lga qo`yilmoqda.

Kelishilgan investisiya loyihalarini to`liq amalga oshirish va sanoat kooperasiyasi bo`yicha dasturni qabul qilish muhimligi ta`kidlandi. Chexiya Eksport banki hamda Eksportni kafolatlash va sug`urtalash korporasiyasining mamlakatimiz bank-moliya bozoriga kirish rejalari yuqori baholandi.

Prezidentimiz O`mon Sultonligi O`zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi muhim hamkorlaridan biri ekanini ta`kidladi. Muqaddas islom dini, o`xshash urf-odat va qadriyatlar hamkorligimizning mustahkam poydevoridir.

– Toshkentda Sulton Haysam Ol Said ishtirokida ochilgan Sharqshunoslik institutining muhtasham kutubxonasi davlatlarimiz o`rtasida o`ziga xos do`stlik ramzi bo`lib kelmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Ikki mamlakat hamkorligida hali ishga solinmagan juda katta salohiyat bor. Tez orada Hukumatlararo komissiyaning yig`ilishini o`tkazish, Ishbilarmonlar kengashini tuzish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo`jaligi, transport va logistika, telekommunikasiya, to`qimachilik sanoati, turizm kabi sohalar hamkorlik uchun istiqbollidir. O`zbekiston-O`mon investisiya kompaniyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhimligi ta`kidlandi.

O`zbekiston Prezidenti Jazoir arab-musulmon dunyosida jadal sur`atda taraqqiy etayotgani, katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, Afrika qit`asidagi istiqbolli sherigimiz ekanini ta`kidladi. Jazoir arab davlatlari orasida birinchi bo`lib Toshkentda o`z elchixonasini ochgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarni tashkil etish, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini joriy etish, Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig`ilishini o`tkazish zarurligi, bu ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur`at bag`ishlashi ta`kidlandi.

Neft-gaz, energetika, qishloq xo`jaligi va turizm sohalarida aniq investisiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun delegasiyalarning o`zaro tashriflarini uyushtirish zarurligi qayd etildi.

Marosim yakunida Prezidentimiz elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilab, mamlakatimiz hududlariga borish, yurtimizda bo`layotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga chaqirdi. Bu, hech shubhasiz, hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta`kidladi.

Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston bilan ko`p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor sa`y-harakatlarini qaratishlarini ta`kidladilar.

 

Boshqa yangiliklar