Prezident Shavkat Mirziyoev 13 may kuni ko`mir qazib chiqarishni oshirish rejalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aholi va iqtisodiyotning o`sib borayotgan ehtiyojini ta`minlash uchun energetikaning barcha yo`nalishlari rivojlantirilmoqda. Jumladan, muayyan tarmoqlarda ko`mirdan foydalanish qo`l keladi. Hisob-kitoblarga ko`ra, yurtimizdagi ko`mir zaxiralari qariyb 2 milliard tonnani tashkil etadi.
Bu imkoniyat ishga solinib, ko`mir qazib olish hajmi izchil oshirib kelinmoqda. Xususan, 2016 yilda bu ko`rsatkich yiliga 4 million tonnadan kam bo`lgan bo`lsa, 2023 yilda 6 million 550 ming tonnaga etdi.
Davlatimiz rahbari konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini aytgan edi. O`tgan yili bu borada sezilarli siljish bo`lib, tadbirkorlar tomonidan 369 ming tonna ko`mir qazib chiqarildi.
Taqdimotda sohadagi rejalar haqida ham axborot berildi. Qayd etilganidek, bu yil ko`mir qazib chiqarish 8 million tonnaga etkaziladi. Shundan 900 ming tonnasi tadbirkorlar tomonidan olinadi. “Sharg`unko`mir” aksiyadorlik jamiyatida yiliga 500 ming tonna ko`mirni boyitish uskunasi ishga tushiriladi.
Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi to`rtta maydonda geologiya ishlari olib borilmoqda va kelgusi yilda qazib chiqarishga yo`naltiriladi.
Shu bilan birga, ilg`or xorijiy tajribani qo`llagan holda ko`mir qatlamlarini baholash va burg`ilash ishlari davom ettirilmoqda. Bularning natijasida 2025 yilda ko`mir qazib chiqarish hajmini 10 million tonnaga etkazish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarga sohada xalqaro standartlarni joriy etib, ko`mir sifatini oshirish, investisiya loyihalarini jadallashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.





