AsosiyJamiyat
1042

Toshkent viloyatidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida qator kamchiliklar aniqlandi

'Toshkent viloyatidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida qator kamchiliklar aniqlandi'ning rasmi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi. Bu haqda  Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etish lozimki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 fevraldagi qarori bilan «2019 – 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi» tasdiqlandi. Shuningdek, 2023 yilning 19 iyunida esa “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori imzolandi. Ushbu hujjatlar asosida aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini takomillashtirish, ruhiy holat buzilishlarini erta aniqlash, ularga tashxis qo`yish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash sifatini oshirish, sohada samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ilm-fanni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va psixiatriya muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga o`z vaqtida psixiatriya yordami ko`rsatilish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Monitoring tashrifida ushbu yo`nalishda amalga oshirilgan ishlar samarasiga alohida e`tibor qaratildi. Monitoringda 445 o`ringa mo`ljallangan shifoxonadagi bemorlarga yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish holati ko`zdan kechirildi. O`rganish davomida davolanayotgan shaxslarga berilayotgan ovqatlar sifati, oshxona va oziq-ovqatlar saqlanadigan omborlardagi sharoitlar talab darajasida ekani va tibbiyot bo`limidagi dorilarning yaroqlilik muddatlari o`tmagani aniqlandi.

Monitoringda ayrim kamchiliklar ham aniqlandi, jumladan, mazkur muassasadagi 59 nafar majburiy davolanish o`tayotgan bemorlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo`qligi bois Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ko`rigidan o`tkazish hamda ularga nafaqa puli to`lanishi to`xtatilgan. Ba`zi bemorlar davolanish uchun boshqa viloyatda joylashgan psixiatriya muassasasiga ko`chirilganda ularga maxsus avtoulov zarurligi, so`nggi 4 yil ichida davolanuvchilarga kiyim-kechak va boshqa kerakli jihozlar ajratilmagani ma`lum bo`ldi.

Davlat rahbarining 2018 yil 16 martdagi “Psixiatriya yordami ko`rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorining 2-ilovasiga asosan Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan, ya`ni raqamli EEG tizimi (32 kanalli), UTT (rangli dopler bilan), avtoklav (100 litrli), raqamli rentgen apparat bilan ta`minlash ko`zda tutilgan. Shunga qaramasdan bugungi kunga qadar shifoxona ushbu tibbiy uskunalar bilan ta`minlanmagani aniqlandi.

Monitoring yakunlariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga shifoxonada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha Ombudsman taqdimnomasi kiritildi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar