1

O`zbekistonda shakar narxi oshadimi?

Iqtisodiyot 14.06.2024, 21:18
O`zbekistonda shakar narxi oshadimi?

Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi tomonidan ichki bozorda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar, xususan, shakar mahsuloti realizasiyasi doimiy tahlil qilib boriladi. Bu haqda qo`mita raisi maslahatchisi Otabek Usmonov ma`lum qildi.

Uning qayd etishicha, ichki bozorlarda shakarga bo`lgan ehtiyoj 1 yilda o`rtacha 600 - 650 ming tn.ni tashkil etib, mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarda (quvvati 1,2 mln tn.dan ortiq) ehtiyojni to`liq qoplash imkoniyati mavjud.

Birja savdolariga 2024 yilning yanvar-iyun (12-sanasiga qadar) oylarida (spot va forvard birgalikda) jami 305 ming tn qo`yilib, 37 foizi (yoki 114 ming tnsi) sotilgan, jumladan, 12 iyun holatiga mahalliy korxonalar tomonidan birja savdolariga jami 2 100 tn shakar mahsuloti boshlang`ich narxi 12 860 so`mdan qo`yilib, 30 foizi (yoki 643 tnsi) realizasiya qilingan. Boshlang`ich narxga nisbatan o`sish kuzatilmagan.

Joriy yilning yanvar-may oylarida respublikaga jami 123 ming tn shakar, asosan Rossiya, Qozog`iston va Tailand davlatlaridan import qilingan.

Ta`kidlash joizki, joriy yilning 16 aprelidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan birja savdolariga qo`yiladigan shakar mahsulotining kunlik hajmi 20 foizga (2 100 tonnadan – 2 500 tonnaga) oshirilib, boshlang`ich narxi 6 foizga (13 600 so`mdan – 12 860 so`mga) pasaytirildi.

Respublikaning dehqon bozorlarida tashkil etilgan elga xizmat rastalari va yirik savdo tarmoqlarida shakar mahsulotining chakana narxi 1 kg uchun

13 000 so`mdan sotilishi ta`minlanayotgan bo`lsa, boshqa savdo do`konlarda o`rtacha 13 200 – 15 000 so`mni tashkil etmoqda.

- Hurmatli yurtdoshlar, shakar mahsulotining birja savdolaridagi narxi o`tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga pasaygan bo`lsa, bozorlardagi chakana narx o`zgarishsiz qolgan.

Bundan tashqari, Qo`mita tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda shakar mahsulotining chakana narxlari yuzasidan doimiy nazorat o`rnatilgan.

Narxlarni barqaror saqlash bo`yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo`lib, narxlar keskin oshishi bo`yicha xavotirga o`rin yo`q.

Shu sababli, internet tarmoqlarida tarqatilayotgan to`liq o`rganilmagan xabarlarga asosan xavotirga tushmasligingizni so`rab qolamiz, - deydi Otabek Usmonov.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1