Ba`zi ayollar hayz siklining buzilishi, bel va kindik ostidagi og`riq, oqchil (molochnisa)ni odatiy holdek qabul qilishga o`rganib qolishgan. Go`yoki shunday bo`lishi kerakdek. Tana «shifokorga boraman» deb «SOS» xabarini berganida unga quloq tuting.
Tosdagi og`riqlar
Ovulyasiya tuxumdonlar atrofida kuchli og`riqlarga sabab bo`lishi mumkin. Hayz davri o`rtasidagi og`riq holati ko`pchilik ayollarga tanish. Muntazam yoki vaqti-vaqti bilan bezovta qiluvchi og`riq 2-3 kun ichida yoki og`riqsizlantiruvchi dorilar yordamida o`tib ketadi. Lekin tosdagi bezovtalik surunkali tus olsa, ginekolog ko`rigidan o`tish tavsiya etiladi. Bunday vaziyatda:
- endiometrioz va bachadondagi xavfsiz miomaga qarshi tekshirtirib ko`ring.
- Kuchli og`riq ma`lum vaqt oralig`ida to`xtab, qayta boshlanaversa, «Tez yordam» chaqiring. Ko`pincha og`riqning bunday belgilari tuxumdon kistasi va uning shikastlanishida kuzatiladi.
- Og`riq bir necha marta to`satdan xuruj qilsa, tuxumdon buralib qolgan bo`lishi mumkin. Bu holatda a`zo etarli darajada qon bilan ta`minlanmaydi. Tomirlarning siqilishi yuzaga kelganda infeksiya tushsa, peritonit kasalligiga aylanib ketish xavfi bor. Ba`zan ko`ngil aynishi, qayt qilish kuzatiladi.
- Qon ketishi bilan birga namoyon bo`ladigan tosdagi og`riq bachadon tashqarisidagi homiladorlikdan darak berishi mumkin. Bunda urug`langan tuxum hujayra bachadon bo`shlig`iga emas, balki bachadon nayiga mustahkamlanayotgan bo`ladi. Zudlik bilan ginekolog ko`rigidan o`tish lozim.
Tosdagi og`riq tuxumdonlar saratonining alomati hisoblanmaydi. Qorin dam bo`lishi, qabziyat va tuxumdonlar atrofida bosim kuchayishi 2 hafta davomida bezovta qilsa, shifokor ko`rigidan o`tish maslahat beriladi.
Qon ketishi
Agar oz-ozdan bo`lsa-da 1-2 oy davomida sababsiz qon ketishi kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Jinsiy balog`at yoshiga qadar va homiladorlik davridagi har qanday qon ketishida ginekolog ko`rigidan o`tish lozim.
- Homiladorlikka qarshi tabletkalar qon ketishini keltirib chiqarishi mumkin. Bu unchalik xavfli emas, biroq shifokor bilan dorini almashtirish haqida maslahatlashish kerak.
- Katta yoshli ayollarda menopauzadan avval kuzatiladi. Bu normal holat.
- Qalqonsimon bez faoliyati buzilsa, hayz siklida o`zgarish bo`ladi. Endokrinologga murojaat qiling.
- Har jinsiy yaqinlikdan so`ng qon ketishi kuzatilsa, so`zak yoki xlamidioz infeksiyalari natijasi bo`lish ehtimoli bor.
- Menopauzadan keyingi qon ketishi bachadon saratoni alomatlaridan bo`lishi mumkin. Bunday holatda kechiktirmasdan shifokor ko`rigidan o`tish zarur, shundagina aniq tashxis qo`yiladi. Tuxumdonlar saratonidan farqli ravishda uni erta aniqlash va davolash imkoniyati bor.
Ajralmalar
Har bir ayol qanday ajralmalar normal yoki noodatiy ekanligini farqlay olishi zarur. Ba`zan o`tkir hidli, odatdagidan ko`proq, qichishish va achishish kuzatilishi, rangining o`zgarishi, qon bilan kelishini noodatiy deyish mumkin. Jinsiy yo`l bilan yuquvchi aksariyat kasalliklarning birinchi belgisi ajralmalar hisoblanadi. E`tiborli bo`lish zarar qilmaydi. Turg`un, rangsiz va ko`p kelayotgan ajralma kamdan-kam uchraydigan bachadon nayi saratoni belgisi hisoblanadi.
Qichishish
Odatda bu jiddiy kasallik alomati emas. Ko`pincha unga atir sovundan ko`p foydalanish sabab bo`ladi. Ayollarga bolalar sovuni yoki intim gigiena uchun maxsus geldan foydalanish maqsadga muvofiq.
- Qichishish va jinsiy a`zolar terisi rangining o`zgarishi kuzatilsa, shifokorga ko`rinish zarur. Bu temiratki kasalligining belgisi bo`lishi mumkin. Ko`pincha u bilan yoshi katta ayollar aziyat chekadi.
— Qichishib, teri ko`chganda saraton o`simtalariga tahlil topshirish tavsiya etiladi.
Vaginal quruqlik
Bu muammo ko`pincha emizikli go`dagi bor ayollarda uchraydi. Ba`zida bolasini emizayotgan ayollarda ovulyasiya jarayoni o`z-o`zidan vaqtincha to`xtaydi. Buning natijasida vaginal quruqlik yuzaga keladi. Vaqt o`tib, ovulyasiya o`z holatiga qaytganida bu muammo yo`qolib ketadi. Jinsiy yaqinlikning og`riqli bo`lishi albatta shifokorga murojaat etish uchun jiddiy asos.
Klimaksdan so`ng ayollar organizmida estrogen miqdori kamayadi, shu sababli vaginal to`qimalar o`lishi yoki yupqalashishi kuzatiladi. Jinsiy yo`l bilan yuquvchi kasalliklardan himoyalanish qobiliyati asta kamayib boradi. Shifokor bunday holatlarda kerakli tavsiyani berib, tarkibida estrogen bo`lgan maz, tabletkalar buyurishi mumkin.
Yara va shishlar
Ba`zi ayollarning chov qismida kista va yumshoq fibroma rivojlanadi. Bu homilador ayollarda uchraydigan jinsiy a`zolarning varikoz holatini eslatadi. Tik turgan holatda bu shishlar ayolni ko`proq bezovta qiladi. Ular aniqlangan vaqtidayoq davolansa, asorat qoldirmaydi.
Biroq jinsiy a`zolardagi yaralarga jiddiy qarash lozim. Ular gerpes yoki saraton belgisi bo`lishi mumkin. Qattiq shishlar, so`gal, vaqti bilan rangini yo`qotuvchi qizil-yassi yaralar saraton o`simtasi alomatlari hisoblanadi.
DILNOZA tayyorladi