Armaniston Respublikasiga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda davlat rahbarlari tomonidan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Buning natijasida birgina o‘tgan yilning o‘zida o‘zaro savdo yarim milliard dollardan oshgani, qo‘shma korxonalar soni yil boshidan buyon 51 taga ko‘paygani qayd etildi.
Uchrashuvda Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda uning doirasidagi biznes-forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, davlatlar o‘rtasida turli sohalarda sanoat kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishda energetika, metallurgiya, innovatsiya va texnologiya, transport-tranzit hamda kommunikatsiya sohalari muhim yo‘nalish ekani bildirildi.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Yerevanga tashrif doirasida Yevrosiyo iqtisodiy forumida ham ishtirok etdi.