AQSh Prezidenti Donald Trump Eron bilan olib borilayotgan muzokaralardan qoniqmayotganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, vaziyat o'zgarmasa, Amerika harbiylari yana harbiy harakatlarni boshlashi mumkin.
Trump bu haqda 27 may kuni Oq uyda bo'lib o'tgan Vazirlar mahkamasi yig'ilishida gapirgan.
AQSh Prezidentining so'zlariga ko'ra, Tehron hozirda mojaroni to'g'ridan to'g'ri hal qilishga tayyor. Biroq Vashingtonni Eron taklif qilayotgan shartlar qoniqtirmayapti.
“AQSh yo o'zi uchun maqbul kelishuvga erishadi, yoki ishni oxiriga yetkazadi. Ko'ramiz, nima bo'larkin”, degan Trump Eron bilan urush qayta boshlanishi ehtimoliga ishora qildi.
Shuningdek, Trump Eron yuqori darajada boyitilgan uran zahiralarini topshirishi evaziga sanksiyalarni yumshatish varianti uni qoniqtirmasligini ta'kidladi.
Uning so'zlariga ko'ra, Tehron “yuqori darajada boyitilgan uranni topshiradi, ammo bu sanksiyalarni yumshatish evaziga bo'lmaydi”.






