Ushbu testni AQShlik mashhur psixoterapevt Albert Ellis ishlab chiqqan. Uning yordamida o`zingizni yanada chuqurroq anglashingiz, muammolaringizning sabab va echimini tushunishingiz mumkin bo`ladi.
Topshiriq
Ko`zlaringizni yuming-da, ayiqni tasavvur qiling. Endi oq qog`oz olib, oddiy yoki rangli ruchkalar yordami (flomaster yoki rangli qalam ishlatsangiz ham bo`ladi) ayiq rasmini chizing. Surat aslidek chiqishi shart emas. Uni istagan rangga bo`yashingiz, o`zingiz xohlagandek shakl berishingiz mumkin. Topshiriqni 5-6 daqiqa ichida tugatishingiz kerak.
Izohlaymiz!
- Dastlab, rasm qog`ozning qaysi qismida chizilganiga ahamiyat bering. Agar uni qog`oz o`rtasiga chizgan bo`lsangiz, demak, xolis fikrlaydigan insonsiz. Bordiyu rasm qog`ozning yuqori qismidan boshlangan bo`lsa, o`zingizgi haddan ziyod ishonasiz. Rasmning qog`ozni pastki qismidan boshlanishi esa o`zingizga ishonchingiz pastligini bildiradi.
- Jonivorning boshi qaysi tarafga qaragan? Chap tomonga qarab turgani muammolarni uzoq tahlil qilishingizga ishora. O`ng tomonga qaratib chizilgani esa qaror chiqarishga shoshilishingizni bildiradi. Agar hayvonning boshi to`g`riga qarab turgan bo`lsa, bu sizdagi xudbinlikni anglatadi.
- Quloqlari bormi? Agar ayiqning quloqlarini katta qilib chizgan bo`lsangiz, sizda odamlarni tinglash qobiliyati bor. Biroq har doim ham o`zingiz istagan fikrni to`g`ri etkazib berolmaysiz. Agar jonivoringiz «quloqsiz» bo`lsa, gap-so`zlarga hushingiz yo`qligidan dalolatdir.
- Og`zi. Suratdagi ayiq kulib turgan ko`rinishda bo`lsa, muammolaringizni atrofdagilarga bildirmaydigan insonsiz. Jiddiy qiyofa muammolar ortiga yashirinishning belgisi.
- Ko`zlar. Agar ayiqning ko`zlari katta (huddi bir nimadan hayratlanayotgandek) ochilgan bo`lsa, o`zgalarning ta`siriga tushib qolishingiz, qo`rquv hissi borligini bildiradi. Bordiyu ayiq ko`zlari kichik, ustma-ust bo`yab chizilgan (ba`zilar kipriklarini ham chizishadi) bo`lsa, sizga e`tibor etishmayotganing belgisi bo`ladi.
- Qo`l panjasi. Diqqat qiling, agar ayiq panjasi ochiq ko`rinishda chizilsa, optimist insonsiz. Panjasi musht tugilgan yoki orqaga yashirilgani esa gap-so`zlardan cho`chishingizni bildiradi.





