«Erim uchun ish doim birinchi o`rinda. Ishxonasida yarim kechagacha qolib ketadi, dam olish kunlarini ham iloji bo`lsa, o`sha erda o`tkazadi. Mabodo uyda qolgudek bo`lsa, kayfiyati tushib, asabiylashadi. Bolalarning shovqini yoqmaydi. Biz na to`y-hashamga, na dam olishga birga boramiz. U doim ish bilan band. Yaqinda besh yashar o`g`lim otasiga taqlid qilayotganini ko`rib qoldim: dadasining ish kabinetiga kirib, eshikni yopdi va men ishlayapman deb telefonni qulog`iga tutgancha tund qiyofada o`tirib oldi... Erim shuncha ishlaganga yarasha zo`r pul topadi deya olmayman. Ammo faqat ish bilan band bo`lganda o`zini baxtiyor sezadi. Oilasi uning uchun keyingi o`rinda turadi. Shundan tashvishdaman…»
Asila, 35 yosh
Turmush o`rtog`ingiz deyarli tunu-kun ishda bo`ladi, uning uchun faqat yangi loyihalar va ishga oid g`oyalar qiziqarli, ta`tilga chiqmaydi, sizlarni dam olishga yolg`iz jo`natadi, shundaymi? Xo`sh, ishdan beri kelmaydigan er bilan qanday baxtli yashash mumkin? Bugun shu savolga javob qidiramiz.
Boshqa ayol paydo bo`ldimi?
Bunday vaziyatda ayrimlar erimning hayotida boshqa ayol paydo bo`lgan degan shubhaga ham boradi. Biroq vaqt o`tib, yagona kundoshi erining ishi ekanini bilgach, xafsalasi pir bo`ladi. To`g`ri-da, kundoshdan erni bir amallab qaytarib olsa bo`lar, ammo ishga mukkasidan ketgan erkakni oilaga qaytarish amri mahol. Chunki bunday odam uchun ish hayotda eng muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha qilib aytganda, u – ishiga qaram bo`lib qolgan.
Belgilar va sabablar
Turmush o`rtog`ingizda shunday psixologik muammo borligini quyidagi belgilarga qarab, aniqlasa bo`ladi.
- Ishga bog`lanib qolgan inson vaqtining asosiy qismini, ya`ni me`yordan ortig`ini unga bag`ishlaydi.
- Haddan ortiq ishlayverish oqibatida uyqusizlik, asabiylik, xotira sustligi, tez-tez shamollash holatlariga chalinadi.
- Ish bilan shug`ullana olmasa, xavotirga tushadi, vahimalanadi, iloji boricha tezroq o`z ish joyiga qaytgisi keladi.
- Yakshanba kunlarini tushkun kayfiyatda o`tkazadi.
- Va asosiysi: eringiz o`zida bunday muammo borligini mutlaq rad etadi.
Nega turmush o`rtog`ingiz shunday?
Chunki...
- Vaqtini to`g`ri rejalay olmaydi.
- Ish bahona alamlarini unutadi.
- Oila davrasida rohatlanmaydi.
- Ishxonada o`zini tengi yo`q xodim hisoblaydi va hamkasblari vazifalarni usiz ham eplashlaridan qo`rqadi.
- U ko`p pul topishni istaydi, moddiy manfaatdorlik hammasidan ham qiziq.
- U muvaffaqiyat qozonishga o`rganib qolgan, omadsizlikni o`ziga ravo ko`ra olmaydi.
Xullas, u muvaffaqiyatli shartnoma, omadli ish, kutilgandek amalga oshgan loyiha sabab oladigan qoniqish hissiga bandi bo`lib qolgan. Bu o`sha qoniqish payti organizm ishlab chiqaradigan gormonlar (oksitoksin, adrenali, endorfinlar)ning kasri. Statistikaga ko`ra 12-15 foiz odamlarda bu holat haqiqiy tobelikni keltirib chiqaradi. Ya`ni, ishga tobelikni.
Oqibatlar
Kareradagi muvaffaqiyatlar evaziga inson sog`ligini boy berishi mumkin. Chunki doimo safarbarlik va tayyorlik holatida turgan organizm tez charchaydi, quvvat kutilgandan ko`p sarflanadi, uning o`rni esa o`z vaqtida to`ldirilmaydi. Bundan tashqari, yaxshi karera qilaman, ishda muvaffaqiyatga erishaman degan odam o`rni kelganda muloyim, bosiq va salobatli bo`la olishi kerak. Charchagan va asabiy odam esa buning uddasidan doim ham chiqa olmaydi. Natijada ishdagi muvaffaqiyatlar o`rnini asta-sekin muvaffaqiyatsizliklar egallab boradi. Ishga mukkasidan ketgan erkakdan ham yomonrog`i nima, bilasizmi? Ishga mukkasidan ketgan omadsiz erkak. Ishlayveradi, ishlayveradi, ammo ishi orqaga ketaveradi. Oqibatda uning tushkunligi va asabiyligi ortadi, bu oilaviy munosabbatlarga ham salbiy ta`sir o`tkazadi. Qolaversa, shaxsning o`zi tanazzulga yuz tuta boradi.
Nima qilmoq kerak?
Ishga va oilaga nisbatan mos munosabatni shakllantirish oson emas, ammo buni uddalasa bo`ladi. Ko`p narsa sizga – ishga mukkasidan ketgan erkakning yonidagi ayolga bog`liq. Sizdan sabr va o`rni kelganda matonat ham talab qilinadi.
- Uni seving va tushuning. Ko`p ishlash yomon odat emas, buning uchun er o`zini hech kimning oldida oqlashga majbur emas. Shuning uchun bir narsani anglang: siz avval boshdanoq ish va muvaffaqiyatni birinchi o`ringa qo`ygan insonga turmushga chiqqansiz. Demak, uni qanday bo`lsa, shundayligicha seving, umr yo`ldoshingiz har doim siz uchun suyukli inson ekanini anglab tursin.
- Hordiq chiqarishga o`rgating. Ishga mukkasidan ketgan odamni faqat ishdagi muvaffaqiyatlari orqali sun`iy ravishda emas, oila, yaqinlar bilan muloqot, sayohat, hordiq kabi vositalar orqali tabiiy ravishda hayotdan zavq olishga o`rgatish kerak. Buning uchun eng avvalo eringizga baxt hissining boshqa manbalarini ko`rsating. Dam olish kunlari uyda tushkun kayfiyatda zerikmasligi uchun faol xordiq chiqarish usullarini taklif qiling: masalan, bouling o`yinini. Umuman, shunday musobaqalashadigan o`yinlar ularga yaxshi ta`sir ko`rsatadi.
- Murosa qiling. Ishga mutelik holatidan eringizni faqat bir shart bilan xalos qila olishingiz mumkin: buni uning o`zi istashi kerak. Ziddiyatlar, munosabatlarni oydinlashtirish, ta`na-dashnomlar – bularning hech biri to`g`ri echim emas. Albatta, eringiz sizni sevadi va qadrlaydi, bo`lmasa sizga uylanmagan va shuncha yil birga yashamagan bo`lardi. Qani, unga bo`lgan ta`siringiz kuchini sinab ko`ring! Shunday qilingki, yoningizda u chindan ham o`zini baxtiyor his etsin. Shunda u sizni yo`qotishdan qo`rqadi. Uyga qaytganida shirin so`z va mazali taom bilan kutib oling, uyingizni orasta tuting. Yana yoshligida nima bilan shug`ullanishni yaxshi ko`rgan, shuni bilib oling-chi. Masalan, velosipedda uchishni yoqtirgan bo`lsa, o`g`lingiz yoki o`zingiz bilan velopoyga uyushtiring. Xullas, sizning vazifangiz unga ishdan tashqari yana boshqa zavq manbalarini topib berish. hammasini asta-sekin boshlang. Masalan, birdaniga uni zo`rlab bir oylik ta`tilga olib keta olmaysiz. Oldiniga birga o`tkazilgan bir kunginaga shukr qiling.
Nima bo`lganida ham chekingizga mehnatkash er tushganidan xursand bo`lavering. Har holda ishyoqmasdan ko`ra tuzukroq. Faqat unga haqiqiy baxt nimada ekanini ko`rsata olsangiz kifoya.
ShAHINA tayyorladi.





