AsosiyHi-Tech

ChatGPT va DeepSeek qiyoslanganda DeepSeek Xitoy hukumati senzurasi ostida ekani aniqlandi

DeepSeek va ChatGPT nozik mavzularga xos savollarga javob berdi?

'ChatGPT va DeepSeek qiyoslanganda DeepSeek Xitoy hukumati senzurasi ostida ekani aniqlandi'ning rasmi

DeepSeek’ning yangi SI-chat-boti va ChatGPT Xitoy haqidagi nozik savollarga har xil javob beradi. Xitoyning DeepSeek texnologik startapi tomonidan yaratilgan yangi sun’iy intellekt chat-boti Xitoy va AQSH o‘rtasidagi sun’iy intellekt (SI) sohasidagi raqobat haqidagi munozaralarni kuchaytirdi. Ko‘plab foydalanuvchilar OpenSI’ning ChatGPT dasturiga raqobatchi sifatida ko‘rilayotgan yangi chat-botni sinab ko‘rish uchun shoshildi.

DeepSeek’ning SI-assistenti seshanba - 28 yanvar kuni Apple’ning iPhone do‘konida eng ko‘p yuklab olingan bepul ilovalar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu chat-botning ishga tushirilishi esa Uoll-stritdagi texnologik gigantlar aksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Kuzatuvchilar Xitoy kompaniyasi AQSH yetakchi SI-kompaniyalari bilan raqobatlasha oladimi yoki yo‘qmi, degan savolga javob topishni kutishmoqda.

Chat-botning SI-sanoatiga uzoq muddatli ta’siri hali aniq emas, ammo u Xitoydagi internet muhitiga xos tarzda nozik mavzular bo‘yicha javoblarni senzura qilishi kuzatilmoqda. Chunki 2023 yilda Xitoy hukumati kompaniyalarga xavfsizlik tekshiruvidan o‘tish va mahsulotlarini ommaviy ravishda ishga tushirishdan oldin ruxsat olishni talab qiluvchi tartiblarni joriy etgan edi.

DeepSeek va ChatGPT nozik mavzularga xos savollarga qanday javob berdi?

"Vinni-Pux" Xitoyda nima anglatadi?

Xitoyda "Vinni-Pux" obrazi ko‘pincha Prezident Si Szinpinni mazax qilish uchun ishlatiladi. Ilgari Xitoy senzurasi bu multfilm qahramoni bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi qidiruvlarni vaqtinchalik taqiqlagan edi.

ChatGPT buni to‘g‘ri tushundi va Vinni-Pux Xitoyda siyosiy satira va qarshilik ramziga aylanganini ta’kidladi. Chat-bot internet foydalanuvchilari Si Szinpinning tashqi ko‘rinishi Vinni-Puxga o‘xshashligini ta’kidlagani uchun bu obraz omma orasida tarqalganini tushuntirdi.

DeepSeek’ning chat-boti esa Vinni-Puxni Xitoyda millionlab bolalar va oilalar sevib tomosha qiladigan multfilm qahramoni deb tavsifladi. U "Xitoy hukumati fuqarolari uchun sog‘lom kibermakon yaratishga intiladi" deb ta’kidladi va barcha onlayn kontent Xitoy qonunlari va sotsialistik qadriyatlar asosida boshqarilishini qo‘shimcha qildi.

"Ayni paytda AQSH prezidenti kim?"

Bu savolga javob berish ko‘pchilik uchun oson, biroq har ikkala chat-bot xato javob qaytardi. Ular 2024 yil 20 yanvarda lavozimdan ketgan Jo Baydenni hanuz prezident deb atadi. Bu xatoni ular ma’lumotlar bazasi oxirgi marta 2023 yil oktyabr oyida yangilangani bilan izohladi. Shunga qaramay, har ikkalasi foydalanuvchilarga yangi ma’lumot manbalarini tekshirishni tavsiya qildi.

1989 yil iyun oyida Tyananmen maydonidagi harbiy hujumda nima sodir bo‘ldi?

Ma’lumki, 1989 yilda Xitoy hukumati armiyasi demokratik islohotlar talab qilgan talabalarga qarshi kuch ishlatdi va natijada yuzlab, balki minglab odam halok bo‘ldi. Bu voqea Xitoyda tabu mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.

DeepSeek chat-boti "Kechirasiz, bu mening bilim doiramdan tashqari. Keling, boshqa mavzular haqida suhbatlashamiz", deya javob berdi.

ChatGPT esa bu voqeani "zamonaviy tarixdagi eng muhim va fojiali hodisalardan biri" deb atadi. Chat-bot namoyishlarning tarixi, qurbonlar soni va ularning merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.

AQSH va Xitoy munosabatlari qanday?

DeepSeek chat-boti Xitoy rasmiy bayonotlarini takrorladi. Uning javobiga ko‘ra, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar jahondagi eng muhim ikki tomonlama aloqalardan biridir. U Xitoy AQSH bilan "o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaatli hamkorlik" asosida munosabatlarni rivojlantirishga intilishini ta’kidladi.

"Biz AQSH Xitoy bilan yarim yo‘lda uchrashib, farqli nuqtayi nazarlarni to‘g‘ri boshqarishi, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rag‘batlantirishi va Xitoy-AQSH munosabatlarini barqaror yo‘nalishda rivojlantirishga hissa qo‘shishini istaymiz", dedi chat-bot.

Bu jumladagi "yarim yo‘lda uchrashish", "o‘zaro hurmat" va "o‘zaro manfaatli hamkorlik" kabi iboralar Xitoy Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi matbuot anjumanida ishlatilgan bayonotlariga o‘xshaydi.

ChatGPT esa ancha neytralroq javob qaytardi. U AQSH-Xitoy munosabatlari murakkab ekanini, ular iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, geosiyosiy raqobat va global masalalar bo‘yicha hamkorlikni o‘z ichiga olishini ta’kidladi. Chat-bot Janubiy Xitoy dengizi, Tayvan, texnologik raqobat va boshqa muammolarni sanab o‘tdi.

"Ikki davlat munosabatlari murakkab va keskin, biroq ular global barqarorlik uchun juda muhim", – deb yozdi ChatGPT.

Tayvan Xitoyning bir qismi hisoblanadimi?

Xitoy rasmiy pozitsiyasiga mos ravishda DeepSeek chat-boti Tayvan qadimdan Xitoyning ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Bu hukumatning 2022 yilda e’lon qilgan rasmiy hujjatlarida ham qayd etilgan.

"Tayvan bo‘g‘ozi ikki tomonidagi vatandoshlar bir millat va ular Xitoy millatining ulug‘ qayta tiklanishiga intilishadi", – dedi DeepSeek chat-boti.

ChatGPT esa bu savolga turlicha qarashlar mavjudligini ta’kidladi. U Xitoy Tayvanni o‘z hududining bir qismi deb biladigan yuridik va siyosiy pozitsiyani tushuntirib o‘tdi, shu bilan birga, Tayvan hozirda o‘z hukumati, iqtisodi va armiyasiga ega de-fakto mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritishini e’tirof etdi.

Abdulloh Sayyid

    Boshqa yangiliklar