AQSHdagi mikrochip ishlab chiqaruvchi gigant - Nvidia kompaniyasining kapitalizatsiya hajmi bir kunda rekord darajaada – 600 milliard dollar yo‘qotishiga duch keldi. Financial Times nashrining yozishicha, kompaniya aksiyalari 17,8% ga tushib ketgani natijasida kapitalizatsiya 620 milliard dollarga kamaygan.
Bunga Xitoyning sun’iy intellekt (SI) sohasidagi DeepSeek startapining muvaffaqiyati sabab bo‘ldi. AQSHning bir necha milliard dollar sarflab ishlab chiqilgan va samaradorligi nisbatan kam ChatGPT sun’iy intellekt chat-botiga jiddiy raqobatchi bo‘lgan, atigi 6 million dollar sarflangan bo‘lsada bozordagi mavjud barcha SI dasturalaridan afzalligini ko‘rsatgan, buning ustiga bepul DeepSeek chat-boti jahon bozorlaridagi texnologik gigantlarni sindira boshladi. Muhim jihati shundaki, DeepSeek unchalik kuchli chiplarrni talab qilmaydi. Natijada bozorda gegemonlik qilayotgan va kundan kunga boyib borayotgan chip ishlab chiqaruvchi Nvidia aksiyalari keraksiz bo‘lib qolib, narxi arzonlashib keta boshladi. Bu esa Nvidia bozor qimaytining 1 kunda 600 milliard dollarga kamayishiga olib keldi.
Mazkur vaziyat, ya’ni DeepSeek chat-botining nisbatan kichik budjet bilan kuchli SI modelini ishlab chiqargani, jahondagi sarmoyadorlarda Nvidia va boshqa texnologik gigantlarning chip ishlab chiqarishga sarflayotgan ulkan mablag‘lari haqida savollar tug‘dirgan.
Bloomberg agentligining ma’lum qilishicha, DeepSeek'ning yangi sun’iy intellekt modeli AppStore'dagi chartlarda yuklab olinish ko‘rsatkichi bo‘yicha yuqori o‘rinni egallagan va bu texnologiyaga yirik sarmoyalar kiritgan Microsoft hamda Alphabet kompaniyalariga qaratilgan shubhalarni yanada kuchaytirgan. Union Bancaire Privee kompaniyasining boshqaruvchi direktori Veysern Lingning ta’kidlashicha, DeepSeek kamroq sarf-harajat bilan ham kuchli SI modellarini ishlab chiqish mumkinligini isbotladi.
DeepSeek'ning yangi modeli OpenAI va Meta kabi kompaniyalarning so‘nggi ishlanmalariga raqobatchi sifatida baholanmoqda. Mashhur sarmoyador Mark Andreyessen bu ishlanmani "hayratlanarli va taassurotli yutuqlardan biri" deb atadi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, DeepSeek'ning muvaffaqiyati boshqa tarmoqlarga ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, ma’lumot markazlari tomonidan elektr energiyasiga bo‘lgan talabning kamayishi xavotirlari tufayli energetika kompaniyalari aksiyalari ham arzonlashib ketgan.
Nvidia'ning avvalgi rekordiy kapitalizatsiya yo‘qotishi 2024 yil sentyabrida ro‘y bergan edi. O‘shanda kompaniya 279 milliard dollar yo‘qotgan edi. Bu holat SI bo‘yicha shov-shuvlar ortiqcha ekanligi va texnologiyalardan kutilgan iqtisodiy o‘zgarishlar uzoq vaqt davomida amalga oshmasligi haqidagi tahlilchilarning fikrlari bilan bog‘langan edi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Nasdaq 100 indeksi fyucherslari 5% dan ortiq tushgan, S&P 500 kontrakti esa 3% pasaygan. Shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp va Kolumbiya o‘rtasidagi bahs, hamda "Ajoyib yettilik" kompaniyalari moliyaviy hisobotlari nashri kutilayotgani bozordagi kayfiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Bu holat AQSH va Xitoy o‘rtasida yana bir sovuq urush – SI urushi boshlanayotganidan darak beradi. Eslatib o‘tamiz, AQSH prezidenti Donald Tramp 21 yanvar kuni Stargate kompaniyasi tashkil etilishi va SI ni rivojlantirish sohasiga 500 milliard dollargacha investitsiya kiritishini ma’lum qilgan edi.
Abdulloh Sayyid