AsosiyMadaniyat

Italiyada “Boburnoma” asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Rim shahridagi “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi tomonidan “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimotlari o‘tkazilmoqda.

'Italiyada “Boburnoma” asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi'ning rasmi

Buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Italiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonning ushbu davlatdagi elchixonasi hamda Rim shahridagi “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi tomonidan “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimotlari o‘tkazilmoqda. Tarjima mazkur nashriyot tarafidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan ko‘p nusxada chop etilgan.

Florensiya shahridagi tarixiy “Palatsso Strotssi” qasrida tarixchi va sharqshunos olimlar, jamoat va madaniyat arboblari ishtirokida tashkil etilgan marosimda Boburning hayoti va ijodi, “Boburnoma” asarining mohiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. 

Tadbirda italiyalik atoqli olim, professor Franko Kardini, “Palatsso Strotssi” majmuasi prezidenti, Italiya Senati a’zosi Rekardo Nenchini, “Sandro Teti Editore” nashriyoti rahbari Sandro Teti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov, O‘zbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqalar so‘zga chiqib, “Boburnoma”ning ushbu mamlakatda nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-ma’naviy aloqalar rivojida muhim voqea bo‘lganini ta’kidladilar.  

– “Boburnoma”ni ulug‘ shoir va mutafakkir, davlat arbobi Bobur ijodining durdonasi, XV–XVI asrlarda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston va Eron hududlarida sodir bo‘lgan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi o‘ziga xos noyob ensiklopediya deb atash mumkin, – dedi Rekardo Nenchini. – XVIII asr boshlaridayoq “Boburnoma” Yevropa tillariga tarjima qilina boshlangan. Bugun biz taqdimot marosimini o‘tkazayotgan ushbu nashr italyan va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarali va yorqin namunasi sifatida dunyoga keldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga juda katta hissa qo‘shmoqda. Albatta, biz uchun Sharq, xususan, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk shaxslar hayoti va faoliyatini o‘rganish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. 

– O‘zbekiston rahbari janob Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisida qayd etilganidek, Italiya ilmiy va madaniy jamoatchiligining buyuk shoir va qomusiy olimning bebaho merosi, o‘zbek davlatchiligining uch ming yillik tarixi bilan tanishuvi xalqingizning ma’naviy olami, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar mohiyatini anglashga yordam beradi. Asarni italyan tilida nashr etish jarayoniga malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlar guruhi jalb etildi. Kitobning dunyoga kelishiga munosib hissa qo‘shgan barcha do‘stlarimizga, xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinovga, italiyalik taniqli turkiyshunos olim, professor Federiko De Rensi, tarjimon Federiko Pastore, atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini singari fidoyi insonlarga chin qalbdan minnatdorlik bildiraman. 

Ushbu muhtasham nashr boburiylar davriga oid 96 ta miniatyura bilan bezatilib, yuksak matbaa sifati bilan nashr etilgani alohida e’tiborga loyiq.

– “Boburnoma”ni xorijiy tillarga tarjima qilish muallifning hayotligi davridayoq boshlangan, – dedi Bahrom Abduhalimov. – Bugun bu o‘lmas asar Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Dante, Petrarka singari buyuk mutafakkirlar tiliga ilk bor tarjima qilindi. Bu nashr Bobur ijodining Italiyada, umuman, Yevropadagi madaniy jamoatchilik orasida, akademik doiralarda yanada keng tarkalishiga xizmat qiladi. Bu ijodiy loyihaning ro‘yobga chiqarilgani o‘zbek va italyan olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni, shubhasiz, yangi pog‘onaga ko‘taradi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov bugun Yangi O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab, italiyalik hamkasblar bilan ilmiy-ma’rifiy aloqalar izchil davom ettirilishiga ishonch bildirdi.

– Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli bugun dunyo jamoatchiligi, jumladan, Italiya ahli ham O‘zbekistonni qaytadan kashf etmoqda. – dedi Markaz direktori. – “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjimasi bu yo‘ldagi yangi amaliy qadamdir. Italiyada Amir Temur va temuriylarga, Bobur va boburiylar merosiga hurmat-e’tibor yuqori ekanini ko‘rib, mamnun bo‘ldik. Jumladan, Florensiyadagi Ufimsi galereyasida Sohibqiron Amir Temur bobomizning noyob portretini ko‘rib, qalbimiz g‘ururga to‘ldi. Bolonya universiteti kutubxonasida ham Ibn Sinoning bir qator qo‘lyozma asarlari saqlanadi. Safarimiz davomida ular bilan ham yaqindan tanishish rejalashtirilgan. Shuningdek, Vatikan kutubxonasiga tashrif ham ko‘zda tutilmoqda. Ishonamizki, u mashhur ilm-fan dargohida ham Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosiga oid yangi topilmalarga guvoh bo‘lamiz. 

– “Boburnoma”ning italyan tiliga tarjimasini yirik madaniy hodisa sifatida baholash mumkin, – dedi tadbirda ishtirok etgan Italiyaning Vico kinokompaniyasi prezidenti Viktoriya Petrosyans. – O‘zbekiston madaniy merosi g‘oyat boy va rang-barang. Bizning kompaniyamiz ham bir necha yildan beri o‘zbekistonlik hamkorlar bilan bu zamindan yetishib chiqqan ulug‘ allomalar hayoti haqida filmlar yaratib kelmoqda. Bizga buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilyapti. Men, ochig‘i, tarixiy merosga bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikni dunyoning boshqa davlatlarida kamdan-kam ko‘rganman. Bu albatta har tomonlama ibratga loyiqdir.

Ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburning so‘nmas xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifi tadbirlar barcha ishtirokchilar qalbida yorqin taassurot qoldirdi.

    Boshqa yangiliklar