AsosiySiyosat

1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi

Xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

'1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi'ning rasmi

O‘zbekistonda barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi. Bu haqda 16 iyun kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1 avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

“Lekin qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi. Viloyat, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan g‘alvirni suvdan ko‘tarib, kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman”, dedi davlat rahbari.

Sirdaryo tumani hokimi 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va yetakchi tadbirkorlardan iborat “Islohotlar shtabi”ni tuzadi.

“Islohotlar shtabi” uch oyda tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlaydi. Kelgusi yil uchun budjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.

Natijasiga qarab, bu yangi tajriba kelasi yildan butun respublikada yo‘lga qo‘yiladi.

    Boshqa yangiliklar