— Birinchi bor uylanib oilamdan tinchimadim. Bu ikkinchi turmushim. Ayolimning ham oldingi turmushidan etti yashar o`g`li bor. Uni o`z bolamdek yaxshi ko`raman. Keksa onam va xasta akam bilan bir hovlida turamiz. Millatim tojik, ayolim esa o`zbek. Oilamizdagilar tojikcha gapirishsa, xotinim meni g`iybat qilishayapti deb o`ylab, arazlabdi. Mayda ikir-chikirlardan yuzaga kelgan tushunmovchilik janjalga aylanib, xotinim otasinikiga ketib qolibdi. Uni qaytarish uchun qaynotam bilan gapladim. U kishi «Qizimga qaramagansan, boqmagansan», deb kurakda turmaydigan ayblarni bo`ynimga qo`ydi. So`ng qizi men bilan yashamasligini aytdi. Aslida nabirasini o`z bolamdek katta qilayapman, usti but, qorni to`q bo`lsa, yaqinda sunnat to`yini qildirdim, ko`ngli o`ksimasin deb qo`limdan kelgan barcha ishni bajardim. Ayolimning o`zi esa otasining gapidan chiqa olmasligini aytdi. Ularning talabi bo`yicha alohida uy-joy qilib chiqib ketishim kerak ekan. Men esa onam va akamni tashlab ketishni istamayman. Mahallaga murojaat qilishga cho`chib turibman. Arzimagan tushunmovchilik katta to`polonga aylanib ketishini istamayman. Xotinimni qaytarish uchun nima qilsam, to`g`ri bo`ldi?
Sherali, 41 yosh, Buxoro viloyati
Qaynonajon: — Ha, erkakni bejizga elning ulug`i, deb alqamaydilar. U ham xotiniga, ham bolalariga, ham yaqinlariga yaxshi tarbiyachi hisoblanadi. Oiladagi muvozanat buzilmasligi aksariyat hollarda erkakka bog`liq. O`g`lim, siz ko`nglingizni cho`ktirmang, inson taqdirida borini ko`radi. Irodani qo`lga oling, bardam bo`ling. Onangiz, yaqinlaringiz uchun shunchalik qayg`urayotgan ekansiz, ular ham sizning tinchingizni ko`zlab harakat qilishsa, yaxshi bo`lardi. Yangi xonadonning o`z tartib-qoidalari, so`zu suhbatlari bo`ladi. Yaqindagina kelgan kelin bularga ko`nikkunicha, sabr-matonat kerak. Qaynota-kaynonangizga kelsak, bir marta og`zi kuygan kishi qatiqni ham puflab ichadi axir. Ular ham oilangiz buzilib ketishini xohlamaydi. Yashab ketishlaringga umidi borligi uchun ham alohida bo`lsa-da, yashab ko`ringlar, demoqda chog`i. U kishini tushunishga harakat qiling. Siz ham dilingizdagi so`zlarni to`g`ri tushuntira olishingiz kerak. Avvalo, rafiqangiz bilan gaplashib oling. Unga sadoqatli er ekaningizni, bir umrlik baxtli hayot kechirishga bergan va`dalaringiz astoydil ekanligini ayting. Chunki oila qurib yashayotgan sizlarsiz. So`ng ota-onasi huzuriga borib, uzr so`ragan holda, dil dardingizni ochiq-oydin izhor qiling. Yaqinlaringiz va onangizni tashlab ketolmasligingizni, bu nomardlik, vijdonsizlik ekanligini tushuntiring. Ular, albatta, tushunishadi. Sizga kuchli iroda, omad va oilaviy baxt-saodat tilab qolamiz.
Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Bilasizmi, munosabatlar o`zaro tenglik asosiga qurilmas ekan, turli muammolar kelib chiqaveradi. Tushunishimcha, siz oilaga, ayolingizga, farzandga, umuman munosabatlarga haddan ortiq bog`lanib qolgansiz. Ayolingiz esa mana shu nuqtani sezib, foydalanayotgan bo`lishi mumkin. Agar ishonchsizlik, ertangi kundan qo`rquv va atrofdagilarga haddan ortiq bog`lanib qolish tuyg`ularidan xalos bo`lmas ekansiz, nafaqat turmush o`rtog`ingiz bilan, balki boshqa har qanday munosabatlarni ham yo`lga qo`yishingiz mushkul kechadi. Demak, bu tuyg`ularni me`yorlashtirish lozim. Ana shundan keyingina oilangizni tiklashga harakat qilsangiz bo`ladi.
Saodat OChILOVA yozib oldi.