O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionati–2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliyadan uchralgan yirik mag'lubiyatdan keyin o'z fikrlarini bildirdi.
Italiyalik mutaxassis matbuot anjumanida so'zga chiqib, natijaga qaramay shogirdlarining harakatidan mamnun ekanini ta'kidladi. Uning aytishicha, mundialdagi ishtirok O'zbekiston terma jamoasi uchun muhim tajriba vazifasini o'tamoqda.
"Jahon chempionatidagi ilk ishtirok oson kechmasligini bilardik. Qur'a tashlanganidan keyin Kolumbiya va Portugaliya kabi raqiblar bilan bir guruhdan o'rin olganimizdayoq oldimizda jiddiy sinovlar turganini tushungandik.
Kolumbiyaga qarshi o'yindan keyin ham jamoam bilan faxrlanishimni aytgan edim. Bugun ham shu fikrdaman. Men futbolchilarimning maydonda qanday kurashganini ko'rdim. Ha, ular qiyin vaziyatlarga tushib qolishdi, ammo bir lahza ham taslim bo'lishmadi.
Barcha chiziqlarda yuqori saviyadagi futbolchilarga ega jamoaga qarshi o'ynash har doim mushkul. Portugaliya bugun yuqori motivatsiya bilan harakat qildi. Shu bilan birga, bu turnir biz uchun kelajakda asqotadigan katta tajriba maktabidir", — dedi Kannavaro.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichining uchinchi turida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv 28 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da boshlanadi.






