O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa sardori Eldor Shomurodov Kongo terma jamoasiga qarshi bo'lib o'tadigan uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Fabio Kannavaro raqibning imkoniyatlariga yuqori baho bergan holda, jamoa asosiy e'tiborni g'alaba uchun kurashishga qaratayotganini ta'kidladi.
"Kongo tajribali va jismoniy jihatdan yaxshi tayyorlangan jamoa. Biroq biz maydonga g'alaba uchun chiqamiz. Ertangi bahs avvalgi o'yinlardan farq qiladi, chunki biz turnirdagi eng kuchli raqiblarga qarshi bahs olib bordik", — dedi bosh murabbiy.
Kannavaro darvozabonlar tanloviga ham to'xtalib, ilk uchrashuvda O'tkir Yusupov munosib o'yin ko'rsatganini, shu bilan birga, boshqa darvozabonlarga ham imkoniyat berishni rejalashtirganini aytdi.
Bosh murabbiyning so'zlariga ko'ra, ushbu turnirdagi ishtirok jamoaning xalqaro tajribasini boyitish va yuqori saviyadagi raqiblarga qarshi o'yin orqali yanada rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.
"Men futbolchilarga ilk kunlardanoq bosimsiz harakat qilishlari kerakligini aytganman. Bu musobaqa jamoa sifatida o'sishimiz uchun yaxshi imkoniyatdir", — dedi u.
Shuningdek, Kannavaro O'zbekistonda bolalar futboli, akademiyalar va yoshlar tayyorgarligiga qaratilayotgan e'tibor natijasida mamlakat ilk bor Jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritganini alohida ta'kidladi.
Matbuot anjumanida so'z olgan milliy terma jamoa sardori Eldor Shomurodov esa jamoaning asosiy maqsadi muxlislarni xursand qilish ekanini bildirdi.
"Birinchi golimizni urdik. Endi asosiy vazifamiz — birinchi g'alabamizni qo'lga kiritish. Biz doimo muxlislarimizni quvontirish uchun harakat qilamiz", — dedi u.
Eldor Shomurodov hujumda faol o'ynash bilan bir qatorda, himoyada ham intizomni saqlash muhimligini qayd etib, jamoa uchun eng asosiy mezon natija ekanini ta'kidladi.
"Gol urishga intilish bilan birga, himoya haqida ham unutmasligimiz lozim. Asosiy maqsad — tartibli o'yin namoyish etib, g'alaba qozonish", — dedi jamoa sardori.
Shomurodov, shuningdek, muxlislarning qo'llab-quvvatlashi futbolchilar uchun katta ruhiy kuch bag'ishlayotganini ta'kidlab, keyingi uchrashuvlarda ham ularni xursand qilish uchun bor imkoniyatni ishga solishlarini bildirdi.






