AsosiySPORT

Fransiya Norvegiyani mag‘lub etdi, Kabo-Verde esa tarixda ilk bor pley-offga yo‘l oldi

Guruhning yana bir uchrashuvida Ispaniya Urugvayni 1:0 hisobida mag'lub etdi.

'Fransiya Norvegiyani mag‘lub etdi, Kabo-Verde esa tarixda ilk bor pley-offga yo‘l oldi'ning rasmi

Bugun, 27 iyun kuni AQShda davom etayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati guruh bosqichi 3-tur uchrashuvlari yakunlandi. Unda Fransiya yirik g‘alaba bilan pley-off yo‘llanmasini mustahkamlagan bo‘lsa, mundialda ilk bor ishtirok etayotgan Kabo-Verde tarixiy natijaga erishdi.

“I” guruhi doirasida Massachusets shtati Foksboro shahrida bo‘lib o‘tgan bahsda Fransiya Norvegiyani 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv qahramoni Usmon Dembele bo‘lib, u 7-, 20- va 32-daqiqalarda xet-trik qayd etdi. Fransuzlarning to‘rtinchi goliga 90+4-daqiqada Dezire Due mualliflik qildi. Norvegiyaning yagona golini esa 21-daqiqada Telo Osgord urdi.

Bahsning 50-daqiqasida Fransiya darvozaboni Mayk Menyan Yorgen Larsen tomonidan tepilgan penaltni qaytarib, jamoasini goldan asrab qoldi.

Fransiya bosh murabbiyi Didye Desham shaxsiy sabablarga ko‘ra uchrashuvda ishtirok etmadi. Avvalroq uning onasi vafot etgani munosabati bilan Fransiyaga qaytgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Uning o‘rnida bu uchrashuvda yordamchi murabbiy Gi Stefan jamoani boshqardi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng Fransiya 9 ochko bilan guruhda birinchi o‘rinni egallab, 1/16 finalga yo‘l oldi. Norvegiya esa 6 ochko bilan ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi va 30 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan pley-offning birinchi bosqichida Kot-d'Ivuarga qarshi maydonga tushadi.

“H” guruhida esa Kabo-Verde Saudiya Arabistoni bilan 0:0 hisobida durang o‘ynab, o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionati pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

Mundialda debyut qilayotgan Kabo-Verde guruh bosqichini 3 ochko bilan yakunladi. E’tiborlisi, jamoa uchala uchrashuvni ham durang bilan tugatib, birorta ham g‘alaba qozonmagan holda keyingi bosqichga chiqdi. Avvalgi turlarda ular Ispaniya bilan 0:0, Urugvay bilan esa 2:2 hisobida durang qayd etgan edi.

Guruhning yana bir uchrashuvida Ispaniya Urugvayni 1:0 hisobida mag‘lub etib, 7 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Urugvay va Saudiya Arabistoni 2 ochkodan to‘plagan bo‘lsa-da, to‘plar nisbatiga ko‘ra Urugvay uchinchi, Saudiya Arabistoni esa to‘rtinchi o‘rinda qoldi. Urugvay eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari qatoriga kira olmagani sababli musobaqani tark etdi.

Endi Kabo-Verde pley-offning birinchi bosqichida amaldagi jahon chempioni Argentinaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 4 iyul kuni AQShning Florida shtati, Mayami shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ispaniya esa 2 iyul kuni Kaliforniya shtati Inglvud shahrida “J” guruhi ikkinchi o‘rni sohibiga — Avstriya yoki Jazoir terma jamoalaridan biriga qarshi 1/16 final bahsida maydonga tushadi.

    Boshqa yangiliklar