AsosiySPORT

Server Jeparov Oʻzbekiston terma jamoasini tanqid qildi

Uning fikricha, jamoada xalqaro darajadagi yirik musobaqalar tajribasi yetishmagan.

'Server Jeparov Oʻzbekiston terma jamoasini tanqid qildi'ning rasmi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi Server Jeparov 2026 yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ko‘rsatgan o‘yinni keskin tanqid qildi. Uning fikricha, jamoada xalqaro darajadagi yirik musobaqalar tajribasi yetishmagan, eng katta muammo esa to‘p bilan o‘ynash madaniyatida namoyon bo‘lgan. Bu haqda u “Sports24.kz” nashriga bergan intervyusida so‘z yuritdi.

Jeparovning ta'kidlashicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun bu ilk Jahon chempionati bo‘lgani sababli tajriba yetishmasligi tabiiy. Uning fikricha, Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalari o‘zbekistonlik futbolchilardan ancha ustun bo‘lgan, ammo Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahsda boshqacha natija qayd etilishi mumkin edi.

"Biz futbolni to‘p bilan o‘ynashni o‘rganishimiz kerak. Futbol to‘p bilan o‘ynaladi. Biz esa uchala uchrashuvda ham deyarli to‘psiz harakat qildik. Bu O‘zbekiston uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Biz to‘pga egalik qilishimiz, o‘yinni nazorat qilishimiz kerak. Bu bizning kuchli jihatimiz", deydi u.

Sobiq futbolchi, shuningdek, jamoaning hujumni tashkil etishdagi harakatlarini ham tanqid qildi. Uning aytishicha, to‘pni qaytarib olgandan keyin uni shunchaki oldinga tepib yuborish zamonaviy futbol talablariga javob bermaydi.

"Himoyalanish o‘yinning muhim qismi. Biroq to‘pni qaytarib olgach, undan qanday foydalanish ham taktik jihatdan katta ahamiyatga ega. Uchrashuvlar statistikasi jamoamiz asosan to‘psiz o‘ynaganini ko‘rsatdi. Ayni paytda kuchli Yevropa chempionatlarida faoliyat olib borayotgan atigi uch nafar futbolchimiz bor va bu juda kam. Biz to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz, kelgusi Jahon chempionatlariga raqobatbardosh tarzda tayyorgarlik ko‘rish uchun to‘rt yildan sakkiz yilgacha mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqishimiz kerak. Eng muhimi, keyingi mundiallarda faqat ishtirok etish emas, balki munosib o‘yin ko‘rsatishga erishishimiz lozim", deydi Jeparov.

    Boshqa yangiliklar