Jahon chempionati 1/8 finali doirasida o'tkazilgan Fransiya — Paragvay (1:0) uchrashuvini boshqargan o'zbekistonlik FIFA hakami Ilgiz Tantashevning faoliyati qator xorijiy nashrlar va futbol mutaxassislari tomonidan tanqid qilindi.
Fransiyaning L'Equipe nashri hamda Archivo VAR tahlil portali hakamlar brigadasi ishini 10 ballik tizimda 1 ballga loyiq deb baholadi. Nashrlar fikricha, hakam o'yin nazoratini qo'ldan chiqargan va bir qator bahsli vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qila olmagan.
Tanqidchilarning ta'kidlashicha, Ilgiz Tantashev Paragvay futbolchilarining qator qo'pol qoidabuzarliklariga tegishlicha chora ko'rmagan, Kilian Mbappe va Fransiyaning boshqa o'yinchilariga nisbatan ishlatilgan follar uchun kartochka ko'rsatmagan. Shuningdek, Fransiya foydasiga belgilangan penalti ham faqat VAR aralashuvidan keyin tayinlangan.
Qayd etilishicha, 1998 yilgi jahon chempionatidan buyon ilk bor Paragvay terma jamoasi mundial o'yinini birorta ham sariq kartochkasiz yakunladi. Uchrashuv davomida paragvayliklar 13 marta, fransuzlar esa 10 marta qoida buzgan. Biroq sariq kartochkalarning barchasi Fransiya futbolchilariga ko'rsatilgan.
Bahs davomida bir nechta tortishuvli vaziyatlar ham kuzatildi. Ayrim mutaxassislar fikricha, Paragvay yarim himoyachisi Matias Galarsa Fonda ikki marta ogohlantirishdan qutulib qolgan. Maydonda futbolchilar o'rtasida ikki marta ommaviy tortishuv ham yuz bergan.
Germaniyalik hakamlar bo'yicha ekspert Patrik Ittrix Ilgiz Tantashevning ishini "falokatli" deb baholagan bo'lsa, sobiq futbolchi Eduard Mor hakam "o'yin ipini qo'ldan chiqarganini" ta'kidladi.






