AsosiySPORT

Dalich Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyligi bilan xayrlashdi

Federatsiya bayonotida ta'kidlanishicha, Dalich qariyb to‘qqiz yil davom etgan faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.

'Dalich Xorvatiya terma jamoasi bosh murabbiyligi bilan xayrlashdi'ning rasmi

Xorvatiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Zlatko Dalich o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda Xorvatiya futbol federatsiyasi rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Federatsiya bayonotida ta’kidlanishicha, Dalich qariyb to‘qqiz yil davom etgan faoliyatini yakunlashga qaror qilgan.

"Qariyb to‘qqiz yillik faoliyatdan so‘ng bosh murabbiy Zlatko Dalich Xorvatiya milliy terma jamoasidagi nihoyatda muvaffaqiyatli faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Sizga g‘alabalar, yutuqlar, yirik musobaqalarga yo‘llanmalar, medallar, jamoadagi birlik muhiti, o‘zaro hurmat hamda Xorvatiya sharafini maydonda va maydon tashqarisida munosib himoya qilish yo‘lidagi beqiyos fidoyiligingiz uchun minnatdorlik bildiramiz", deyiladi federatsiya bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 iyul kuni Xorvatiya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati 1/16 final bosqichida Portugaliyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashgan edi.

Zlatko Dalich Xorvatiya milliy jamoasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli va eng uzoq muddat ishlagan bosh murabbiy sifatida faoliyatini yakunlamoqda.

Uning qo‘l ostida Xorvatiya 2018 yilgi Jahon chempionatida kumush, 2022 yilgi mundialda esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, jamoa 2023 yilgi UEFA Millatlar ligasida kumush medal sohibi bo‘ldi.

Dalich boshchiligida Xorvatiya milliy terma jamoasi 2021 va 2024 yilgi Yevropa chempionatlari, shuningdek, 2026 yilgi Jahon chempionati final bosqichida ishtirok etishga ham muvaffaq bo‘ldi.

    Boshqa yangiliklar