AsosiySPORT

Fransiya Marokashni mag‘lub etib, Jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l oldi

Shu tariqa Fransiya yarim finalga yo‘l oldi. Endi amaldagi jahon chempionlari final yo‘llanmasi uchun Ispaniya – Belgiya juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

'Fransiya Marokashni mag‘lub etib, Jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l oldi'ning rasmi

Fransiya terma jamoasi Jahon chempionati chorak finalida Marokashni 2:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning yarim finaliga chiqdi.

Uchrashuvning asosiy qahramoni Kilian Mbappe bo‘ldi. Fransiya hujumchisi birinchi bo‘limda penaltidan foydalana olmagan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda gol urdi va yana bir golga assistentlik qildi.

O‘yinning 28-daqiqasida Nussayr Mazraviy jarima maydonida Mbappega nisbatan qoidabuzarlik qildi va bosh hakam penalti belgiladi. VAR tekshiruvi bir necha daqiqa davom etgach, qaror o‘zgarmadi. Biroq Mbappening zarbasini Marokash darvozaboni Yosin Bunu qaytardi.

Shunga qaramay, ikkinchi bo‘limda fransuzlar ustunlikni qo‘lga oldi. 60-daqiqada Mbappe uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab hisobni ochdi. Olti daqiqadan keyin esa uning uzatmasidan Usmon Dembele jamoasining ikkinchi golini kiritdi.

Statistika ham Fransiyaning ustunligini ko‘rsatdi. Didye Desham shogirdlari uchrashuv davomida 22 marta zarba bergan bo‘lsa, Marokash atigi 5 marta xavf tug‘dira oldi. Darvoza tomon yo‘llangan aniq zarbalar nisbati 8:1, kutilayotgan gollar (xG) ko‘rsatkichi esa 3,05 ga qarshi 0,14 ni tashkil qildi.

Bu gol Mbappening joriy Jahon chempionatidagi sakkizinchi goliga aylandi. Shu tariqa u to‘purarlar poygasida Lionel Messiga yetib oldi. Shuningdek, u Jahon chempionatlari tarixidagi umumiy gollari sonini 20 taga yetkazib, bu borada 21 golga ega Messiga yanada yaqinlashdi.

Biroq uchrashuvning 77-daqiqasida Mbappe to‘pig‘idagi og‘riq sabab maydonni tark etdi. Uning o‘rniga Jan-Filip Mateta tushirildi. O‘yindan keyin fransuzlar sardori jarohati jiddiy emasligini ma’lum qildi.

"Hammasi yaxshi. To‘pig‘imga zarba tekkan edi, lekin jiddiy muammo yo‘q. So‘nggi daqiqalarda Mateta mendan ko‘ra yaxshiroq holatda edi", dedi Mbappe.

Shu tariqa Fransiya yarim finalga yo‘l oldi. Endi amaldagi jahon chempionlari final yo‘llanmasi uchun Ispaniya – Belgiya juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.

    Boshqa yangiliklar