Ikki vazn toifasida UFC’ning sobiq chempioni, irlandiyalik Konor Makgregor UFC 329 turniri doirasida amerikalik Maks Xolloueyga qarshi o‘tkazgan jangi uchun 30 million dollar miqdorida gonorar oldi. Bu haqda Fight Basic xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Makgregor atigi 69 soniya davom etgan jang orqali 30 million dollar ishlagan. Bu har bir soniya uchun taxminan 435 ming dollarga teng.
Jang g‘olibi Maks Xollouey esa mazkur bahs uchun 3 million dollar miqdorida mukofot puliga ega bo‘lgan.
Las-Vegasda o‘tkazilgan asosiy jang boshlanganidan 69 soniya o‘tib texnik nokaut bilan yakunlangan. Makgregor bahsni raqibining bosh qismiga tepki berish bilan boshlagan. Biroq ko‘p o‘tmay o‘ng oyog‘iga noqulay tayangani oqibatida muvozanatini yo‘qotib, oktagonga yiqilgan. Oyog‘idan olgan jarohati sabab u jangni davom ettira olmagan.
Keyinroq irlandiyalik jangchi son suyagi sohasidan jarohat olganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim muxlislar va tahlilchilar uning jang oldidan jismoniy holati yuzasidan shubha bildirgan. Makgregor esa oktagonga chiqishidan avval hech qanday jarohati bo‘lmaganini ta’kidlab, yana janglarga qaytish niyati borligini aytgan.
UFC 329 turnirida gonorar miqdori bo‘yicha keyingi o‘rinni britaniyalik Paddi Pimblett egalladi. U asosiy kardda fransiyalik Benua Sen-Deni ustidan bo‘g‘ish usuli bilan g‘alaba qozondi. Bir daqiqadan sal ko‘proq davom etgan ushbu jang uchun Pimblett 850 ming dollar, Sen-Deni esa 500 ming dollar ishlab olgan.
Ma’lumot uchun, Konor Makgregor 2021 yil iyul oyida amerikalik Dastin Poryega qarshi jangda oyog‘ini sindirib olganidan beri aralash yakkakurash bo‘yicha rasmiy bahslarda ishtirok etmagan edi. Uning professional faoliyati davomida 22 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyat qayd etilgan.






