2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ilk yarim final bahsida Ispaniya terma jamoasi Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning hal qiluvchi bosqichiga yo‘l oldi.
AQShning Texas shtati, Arlington shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ispanlarga g‘alaba keltirgan gollarni Mikel Oyarsabal 22-daqiqada penaltidan va Pedro Porro 58-daqiqada kiritdi.
Shu tariqa Luis de la Fuente shogirdlari o‘z tarixida ikkinchi bor Jahon chempionati finaliga chiqdi. Ispaniya bosh sovrin uchun Angliya — Argentina uchrashuvi g‘olibi bilan maydonga tushadi.
Ispaniya bundan avval yagona marta 2010 yil Janubiy Afrika Respublikasida o‘tgan mundial finaliga chiqqan va o‘shanda Niderlandiyani qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor jahon chempioniga aylangan edi.
Fransiya esa 2014 yildan buyon ilk marta Jahon chempionati finaliga chiqa olmadi. O‘shanda fransuzlar chorak finalda Germaniyaga 1:0 hisobida yutqazib, musobaqani tark etgan, keyinchalik nemislar chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.
Keyingi ikki mundialda Fransiya yuqori natija qayd etdi: 2018 yilda jahon chempioni bo‘ldi, 2022 yilda esa finalga qadar yetib bordi. Biroq hal qiluvchi bahsda Argentinaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi.
E’tiborli jihati, Ispaniya va Fransiya so‘nggi uchta yirik musobaqada ketma-ket yarim finalda to‘qnash keldi.
Ispanlar avval Yevro–2024 yarim finalida 2:1, 2025 yilgi UEFA Millatlar ligasi yarim finalida 5:4 hisobida ustun kelgan bo‘lsa, bu safar ham raqibini mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.






