AsosiySPORT

Jahon chempionati finalini boshqaradigan hakam e'lon qilindi

Ayrim xorijiy nashrlar bu holatni Argentina — Jazoir uchrashuvida Lionel Messiga sariq kartochka ko‘rsatilmagani bilan bog‘liq bahslar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligi bilan izohlamoqda.

'Jahon chempionati finalini boshqaradigan hakam e'lon qilindi'ning rasmi

2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining Argentina va Ispaniya milliy terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan final uchrashuviga tayinlangan hakamlar brigadasi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, hal qiluvchi bahsni sloveniyalik tajribali hakam Slavko Vinchich boshqaradi. Unga qanotlarda hamyurtlari Tomaj Klanchnik va Andraj Kovachich yordam beradi. To‘rtinchi hakam vazifasi Birlashgan Arab Amirliklari vakili Adham Mahadmehga yuklatilgan. Zahira yordamchi hakam etib esa Muhammad Alqalaf tayinlangan.

46 yoshli Slavko Vinchich ushbu mundial davomida uchta uchrashuvda ishladi. U Braziliya — Marokash (1:1), Jazoir — Iordaniya (2:1) guruh bosqichi hamda Meksika — Ekvador (2:0) o‘rtasidagi 1/16 final bahsini boshqargan. U Yevropaning eng tajribali va obro‘li hakamlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Shu bilan birga, uning finalga tayinlanganini ko‘plab mutaxassislar uchun kutilmagan qaror bo‘ldi.

Bunga qadar aksariyat futbol ekspertlari hal qiluvchi uchrashuvni polyak hakami Shimon Marchinyak boshqarishini taxmin qilayotgan edi. Biroq u pley-off bosqichida birorta ham o‘yinga tayinlanmadi. Ayrim xorijiy nashrlar bu holatni Argentina — Jazoir uchrashuvida Lionel Messiga sariq kartochka ko‘rsatilmagani bilan bog‘liq bahslar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligi bilan izohlamoqda.

Slavko Vinchich nomi Argentina muxlislariga yaxshi tanish. U shu kungacha "albiseleste" ishtirokidagi faqat bitta rasmiy uchrashuvni boshqargan. Bu 2022 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichidagi Saudiya Arabistoniga qarshi bahs bo‘lib, unda Lionel Messi gol urganiga qaramay, Argentina 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. Mazkur uchrashuv mundial tarixidagi eng yirik sensatsiyalardan biri sifatida qayd etilgan.

Shunga qaramay, Argentina o‘sha mag‘lubiyatdan keyin o‘zini tiklab, musobaqa yakunida jahon chempionligiga erishgan edi. Endi esa oradan to‘rt yil o‘tib, Slavko Vinchich yana Argentina ishtirokidagi Jahon chempionati finalini boshqaradi.

    Boshqa yangiliklar