2026 yilgi Jahon chempionati finali oldidan futbol olamida asosiy savol — Ispaniya yoki Argentina chempionlikni qo‘lga kiritadimi, degan masala bo‘lib turibdi. Finalda amaldagi jahon chempioni Argentina va Yevropa chempioni Ispaniya tarixda ilk bor mundial finalida o‘zaro to‘qnash keladi. Sobiq futbolchilar mazkur voqea haqida o‘z taxmin va fikrlarini bildirishdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Tahlilchilarning katta qismi Ispaniyani uchrashuv favoriti sifatida baholamoqda. Sobiq futbolchilar Maykl Ouen, Zlatan Ibrohimovich va Jon Terri ispanlar jamoaviy o‘yini, to‘p bilan muomalasi va hujumdagi barqarorligini alohida ta’kidladi. Ularning fikricha, Ispaniya futbolchilari bir-birini yaxshi tushunadi va maydonda yuqori darajadagi nazoratni namoyish eta olmoqda.
Shu bilan birga, Argentina ham finalga katta tajriba va kuchli ruhiyat bilan yetib keldi. Mutaxassislar Lionel Messining so‘nggi mundialida yana bir bor jamoasini oldinga boshlishi, shuningdek, argentinalik futbolchilarning muhim uchrashuvlardagi bosimi ularga ustunlik berishi mumkinligini aytmoqda.
Ayrim sobiq futbolchilar fikricha, finalda Ispaniyaning hujumkor va to‘p nazoratiga asoslangan uslubi Argentinaning intizomli himoyasi hamda tezkor qarshi hujumlari bilan to‘qnashadi. Shu sababli, mutaxassislar bu bahsni teng kuchli raqiblar o‘rtasidagi keskin kurash sifatida baholamoqda.
Jahon chempionati finali bugun, 19 iyul kuni Toshkent vaqti bilan 23:55 da bo‘lib o‘tadi va unda ikki futbol maktabi — Yevropa uslubi va Janubiy Amerika an’analari o‘zaro raqobatlashadi.






