Futbolchi unda otasining o‘limi og‘ir yo‘qotish bo‘lganini ta’kidlab, u bilan birga futbolchilik faoliyatini yakunlashni istaganini yozgan.
Xorxe Messi 7 avgust kuni Argentinaning Rosario shahrida 68 yoshida vafot etgan. U uzoq yillar davomida o‘g‘lining vakili va maslahatchisi bo‘lib, Lionel Messining futbolchilik faoliyatida muhim o‘rin tutgan.
Messi maktubida 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish masalasida otasi undan ko‘p bor iltimos qilganini eslagan. Turnir boshlanishiga bir necha kun qolganida Xorhening ahvoli og‘irlashgan. Messi esa Argentina terma jamoasi finalga chiqsa, otasi uning o‘yinini ko‘rish uchun safar qila olishiga umid qilgan.
“Har bir o‘yindan keyin sizdan xabar kutib, sizni sog‘indim. O‘sha paytda vaziyat juda og‘ir ekanini angladim. Shunga qaramay, imkoni boricha uzoqroq borishni va sizga hech bo‘lmasa bitta o‘yinimni ko‘rish imkonini berishni o‘yladim”, deb yozdi Messi.
Argentina finalgacha yetib borgan, biroq Xorxe Messi uning o‘yinini ko‘rish uchun bora olmagan. Lionel Messi finalda g‘alaba qozonib, Jahon chempionligi kubogini otasiga olib borishni xohlaganini, ammo jismoniy holati bunga imkon bermaganini aytgan.
“Biz finalga chiqdik, ammo siz u yerda bo‘la olmadingiz. Men sizga kubokni olib kelish uchun finalda g‘alaba qozonishni xohladim. Ammo qila olmadim. Oyoqlarim endi menga bo‘ysunmasdi”, deya yozdi futbolchi.
Messi otasi bilan Jahon chempionati haqida to‘liq suhbatlasha olmay qolganidan afsusda ekanini ham bildirgan.
“Biz chempion bo‘lmadik, ammo har bir o‘yindan qanchalik zavqlanganimizni tasavvur ham qila olmaysiz. Har doimgidek, siz haq edingiz — men u yerda bo‘lib, o‘ynashim kerak edi”, dedi Messi.
Futbolchi maktubining eng ta’sirli qismida esa otasisiz hayoti va futbolchilik faoliyatini qanday davom ettirishni bilmayotganini tan olgan.
“Sizsiz nima qilishni, hayotimni qanday davom ettirishni bilmayman. Men shunchaki futbol o‘ynardim va endi buni uzoqroq davom ettirishimga jiddiy shubha qilaman. Siz boshidanoq yonimda edingiz va oxirigacha ham oz qolgandi. Nega birga yakunlashimiz uchun yana biroz sabr qila olmadingiz?” deb yozdi 39 yoshli futbolchi.
Shu bilan birga, Messi otasining unga bergan tarbiyasi va qadriyatlarini endi o‘z farzandlariga singdirish orqali uning xotirasini davom ettirishini bildirgan.
Xorxe Messi Lionelning bolaligidanoq uning futbolchilik yo‘lida yonida bo‘lgan. U o‘g‘lining karerasini boshqargan va professional futboldagi faoliyati davomida unga vakillik qilgan.






